Go‘sht arzon bo‘ladimi – bu kimga yoki nimaga bog‘liq?
Bugun aholining oziq-ovqat xavfsizligi masalasi dunyo miqyosida global muammolardan biriga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda sayyoramizda 840 milliondan ortiq kishi to‘yib ovqatlanish imkoniyatiga ega emas, ko‘p davlatlarda aholi soni va ehtiyoji ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmiga to‘g‘ri kelmaydi. Buning ustiga bugunga kelib, tabiiy mahsulotlar o‘rnini sun’iy oziq-ovqatlar ko‘proq egallamoqda.
Ana shunday sharoitda har bir davlat, avvalo, o‘z aholisi ehtiyojini qondirish uchun yetarli miqdorda mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor qaratmoqda. Qolaversa, xalqaro tashkilotlar doirasida ushbu masala yechimi haqida bosh qotirilmoqda. Bunda birinchi navbatda, mavjud resurslardan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish talab etilmoqda. Shuningdek, ilm-fanga tayanish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham doimiy e’tiborda.
Bu borada mamlakatimizda ham tegishli dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Sabzavot, poliz ekinlari, bog‘dorchilik va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi ancha yuqori. Ya’ni aholi ehtiyojidan orttirib, eksportga chiqarish imkoniyatimiz ham bor. Ammo keyingi paytda asosiy mavzulardan biriga aylanayotgan o‘simlik yog‘i yoki go‘sht narxining oshib ketishi ishlab chiqarish va ehtiyoj o‘rtasida nomuvofiqlik borligini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yil mana shu paytda pandemiya sababli yurtimizda kartoshka narxi oshib ketgan edi. Bunga ham ishlab chiqarish hajmidan ehtiyojning yuqoriligi sabab bo‘lgandi. Natijada xorijdan kartoshka import qilindi. Shundan so‘ng mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish uchun puxta hisob-kitob asosida kartoshka ekilib, hosil yetishtirildi, yetarli miqdorda zaxira qilindi. Samarasi bugun bozorlarimizda ko‘rinib turibdi.
Xuddi shunday bu yil o‘simlik yog‘i ekin maydonlarini ko‘paytirish, sohada ilm va innovatsiya uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ushbu mahsulotning import va eksporti masalasida ham vaqtincha bo‘lsa-da yangi tartiblar joriy etilayotir. Buning natijasi ham tez orda ko‘zga tashlanib qolsa, ajabmas.
Xo‘sh, go‘sht masalasida-chi? Nega bu mahsulot narxini bozorning o‘z qonuniyatlari bilan emas, tashqi aralashuv bilan ushlab turishga harakat qilyapmiz? Ammo bu kutilgan samarani bermayotgani ham hech kimga sir emas. Iqtisodchilar va soha vakillarining aytishicha, boshqa davlatlarda ham go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish tannarxi arzon emas va import orqali muammoni hal etish qiyin. Dunyo bo‘yicha go‘sht mahsulotlariga talab va ehtiyoj yuqori. Muammoga yechim topishning eng maqbul chorasi o‘zimizda bor resurslardan foydalanish.
Rejalar katta, gap ularni amalga oshirishda
Samarqand – yurtimizning aholisi eng ko‘p viloyatlaridan biri. Yil sayin aholi soni ham, oziq-ovqatga bo‘lgan talab va ehtiyoji ham oshib bormoqda. Hududda sabzavot, poliz mahsulotlari, uzum va boshqa mevalar keragidan ortiqcha yetishtiriladi. Tuxum va parranda go‘shtini ham chetdan keltirishga hojat yo‘q. Faqatgina, shakar, o‘simlik yog‘i, go‘sht va yana ayrim mahsulotlarni respublikamizning boshqa hududlaridan yoki xorijdan keltirish kerak.
Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat aholisining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun joriy yil va yaqin yillarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqilgan.
– Birgina joriy yilning birinchi yarim yilligida chorvachilik tarmoqlarida umumiy qiymati 350 milliard so‘mlik 50 ta loyiha ishga tushiriladi, – deydi boshqarma boshlig‘i E.Toshmurodov. – Ya’ni chorvachilik sohasi rivojlangan Germaniya, Avstriya, Niderlandiya, Polsha, Vengriya kabi davlatlardan 7 ming bosh yuqori mahsuldor naslli qoramollar hamda 5 ming bosh zotdor qo‘y va echkilar olib kelinadi. Chorva mollari ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 11,4 ming gektar asosiy ekin maydonlarida, shuningdek, g‘alladan bo‘shaydigan 28 ming gektar yerda takroriy ekin sifatida yuqori hosildor ekinlar ekiladi. 1 oktyabrga qadar bo‘rdoqichilik yo‘nalishida yangidan 5 ta (har biri 300-500 bosh qoramolga ega) yangi loyiha ishga tushiriladi.
Bulung‘ur tumanida “Samarqand KZT milk company” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan agrosanoat klasteri tashkil etilib, 5400 bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik sutchilik va bo‘rdoqichilik kompleksi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda fermer xo‘jaliklari va aholiga naslli chorva mollarini yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida viloyatdagi chorvachilik naslchilik xo‘jaliklari soni 165 taga yetkaziladi. Ular tomonidan aholi xonadonlariga 3,5 ming bosh naslli qoramol yetkazib berish rejalashtirilgan. Mahallalar kesimida sohani yanada rivojlantirish uchun “xonadonbay” ishlash tizimi joriy etiladi. Buning uchun viloyatdagi barcha mahallalarga 570 nafar veterinar mutaxassislar biriktirildi. Ular yordamida aholi xonadonlaridagi 360 ming bosh sigirlar sun’iy urug‘lantiriladi va yil yakuniga qadar zoti yaxshilangan qoramollar soni 800 ming boshdan oshirilib, 52 foizga yetkaziladi.
Bo‘rdoqichilik va sutchilik yo‘nalishidagi chorvachilik klasterini tashkil etish uchun 25 million yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi. Yil yakuniga borib viloyatda qoramollar soni 1 million 667 ming boshga, qo‘y va echkilar soni 2,6 million boshga yetkaziladi, 1 million 350 ming tonna sut, 315,3 ming tonna go‘sht ishlab chiqariladi. Ana shundagina viloyat aholisi ehtiyojidan ortiqcha mahsulot tayyorlashga erishiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlashda parrandachilikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu tarmoq aholini parhez go‘shti hamda tuxum mahsulotlari bilan ta’minlashda katta imkoniyatga ega. Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida bugun mahallalarimizda xonadon sharoitida parrandachilik bilan shug‘ullanib, oilaning tuxum va parhez go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirayotgan va shu orqali daromad topayotgan oilalar ko‘paymoqda. Shuningdek, viloyatda har yili o‘nlab yirik parrandachilik korxonalari tashkil etilmoqda. Bu yil ham 182 milliard so‘mlik 27 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan va bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yil yakuniga qadar “O‘zsanoatqurilishbank”, “Parrandasanoat” uyushmasi va Samarqand viloyat hokimligi yordamida “Navobod naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 300 ming bosh naslli parranda boqishga mo‘ljallangan loyiha ishga tushiriladi. Ushbu loyihada nafaqat parranda boqish, balki uning butun jarayonini qamrab oladigan tizim joriy etiladi. Buning natijasida yiliga 30 million dona tuxum, 20 ming tonnadan ortiq parranda ozuqasi ishlab chiqariladi.
Asosiy talab – chorva naslini yangilash
Viloyatning Nurobod tumani asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. Bugungi kunda tumanda chorvachilik sohasida 122 fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ixtiyorida 3346 bosh yirik shoxli, 123 ming bosh mayda shoxli qoramol, 742 bosh ot va tuya mavjud.
– Tumanda chorvachilikni yanada rivojlantirish hamda chorva mol bosh sonini ko‘paytirish maqsadida joriy yilda 13 nafar tashabbuskorlar tomonidan umumiy qiymati 85,9 milliard so‘mlik chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan, – deydi Nurobod tumani hokimining o‘rinbosari A.Do‘stmurodov. – Xususan, yilning birinchi choragida “NUROBOD OLTIN ASR CHORVASI” mas’uliyati cheklangan jamiyati Germaniyaning “Livestock GmbH” kompaniyasidan 131 bosh naslli qora mollar olib kelib, parvarishlayapti. Qo‘ychilik bo‘yicha 5 ta loyiha tashabbuskori 2900 bosh mayda shoxli mol olib kelish harakatida. Hozirgacha “Chorvachilik faxrim” MChJ tomonidan 952 bosh va “Nurli bo‘ston tomorqa xizmati” MChJ tomonidan 1000 bosh naslli mayda shoxli mollar Qozog‘iston Respublikasidan olib kelindi.
Biz yillar davomida mahalliy zotli qoramollarni parvarishlab, shu bilan cheklanganmiz. Lekin bugun naslni yangilamas, zotdor mollar sonini ko‘paytirmas ekanmiz, bu tarmoqdan oladigan foydamiz ham, go‘sht va sut mahsulotlari ham kutilganidek bo‘lmaydi. Buni aholiga ham tushuntirib, xorijdan keltirilayotgan naslli mollarni xarid qilib, ko‘paytirishga da’vat etyapmiz.
“Bir kilo go‘sht puliga 60 dona tuxum”
Bu qo‘shnimning gapi. Kecha supermarketda go‘shtning narxini ko‘rib, bir kilo mol go‘shti o‘rniga 60 ta tuxum olishni afzal bilibdi. To‘g‘ri, hozir ko‘pchilik narxni solishtirib, go‘sht yoki o‘simlik yog‘i o‘rnida boshqa mahsulot olishga intilyapti. Bir parcha et uchun falon so‘m pul to‘lashga har kimning ko‘zi qiymaydida. Lekin inson uchun, sog‘lom ovqatlanish uchun har bir mahsulotning o‘z o‘rni, ahamiyati bor.
Xullas, muammo va masalalar bir-biriga bog‘liq. Ularni hal etish uchun chora-tadbirlar belgilanayotgani, loyihalar ishlab chiqilayotganini ham ko‘ryapmiz, eshityapmiz. Qachonki bu rejalar bajarilsa, loyihalar amalga oshsa, oziq-ovqat xavfsizligi amalda ta’minlanadi, narxi qimmatligi uchun bir mahsulot o‘rniga boshqasini xarid qilmaymiz.
G‘.HASANOV