Oltin medal sohibi yaqinlariga Prezident tabrigi yetkazildi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov Turizm va sport vazirligi vakillari hamrohligida Tokioda Olimpiada o‘yinlari rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchimiz Akbar Jo‘rayevning uyiga borib, uning onasi va yaqinlariga O‘zbekiston Prezidenti tabrigini yetkazdi.

- Eng avvalo sportchilarga yaratilayotgan sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan rag‘bat uchun Yurtboshimizga katta rahmat deymiz. O‘g‘limning g‘alabasi shularning sportni rivojlantirish yo‘lidagi birgalikdagi mehnati samarasidir, - deydi chempionning onasi Hafiza Normetova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Akbar Jo‘rayev akasining izidan borib, tosh ko‘tarishga qiziqqan.

- Akbarning dadasi rahmatli bilan o‘g‘limizga “Albatta, bir kun kelib Olimpiya chempioni bo‘lasan, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarasan”, deya niyat qilardik. O‘zi ham havas qilib, “Ruslan Nuritdinovdek Olimpiya chempioni bo‘laman” deya orzu qilardi. Mana shu kunlar ham keldi, quvonchimiz cheksiz, albatta. O‘g‘lim g‘alaba qozonishi bilan qo‘ng‘iroq qilib xursandchiligi bilan bo‘lishdi. Tani joni sog‘ bo‘lib, doim yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib yurishiga tilakdoshman, - qo‘shimcha qildi Hafiza Normetova.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev "Tokio-2020" Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.