Sharofiddin Boltaboyevdan chiroyli ippon, Bobousmon Botirov keyingi bosqichda

"Tokio-2020" Yozgi Olimpiadaning to‘rtinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Dzyudochimiz Sharofiddin Boltaboyev “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlaridagi debyutini ishonchli g‘alaba bilan boshladi. Vakilimiz unda vanuatulik dzyudochi Xugo Kumboni ippon usulida mag‘lub etdi.
Xugo Kumboga qarshi bahsda Boltaboyev o‘z g‘alabasini tantana qilishi uchun sanoqli soniyalar kifoya qildi, xolos. Endi u keyingi bosqichni bolgariyalik Ivaylo Ivanov va argentinalik Emmanuel Lusiyentiga o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi o‘tkazadi.
***
Bokschilarimiz “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabali yurishlarini davom ettirmoqda.
Bobousmon Botirov (69 kg) delegatsiyamizning bugungi kun dasturidagi ilk g‘alabasini taqdim qildi. Vakilimiz dastlabki bahsda dominikanlik raqibiga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jang avvalidan o‘z ustunligini namoyish qilgan Botirov yakunda g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bobousmon shu tariqa chorak final bosqichiga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda u britaniyalik Pet Makkormakka qarshi ringga ko‘tariladi.
***
Afsuski, dzyudochimiz Farangiz Hojiyeva va taekvondochi Svetlana Osipova dastlabki saralash bosqichida raqiblariga yutqazib qo‘ydi.