Olimpiada hamda Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan samarqandlik sportchilarni hokim taqdirladi

Samarqand shahrida Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiada va XVI Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi E.Turdimov qatnashib, barcha ishtirokchilarni g‘alaba bilan tabrikladi.

- Barchamiz katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib bordik, - dedi viloyat hokimi. - Shuni alohida mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchimanki, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish va unda ishtirok etishning o‘zi bir sharafdir! Shunday ekan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan barcha sportchilarimizga va ularning ustoz, murabbiylariga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Erishilgan har bir natijadan so‘ng, ayniqsa, davlatimiz bayrog‘i yuksaklikka ko‘tarilib, madhiyamiz baralla yangraganda barchalarimizning qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ldi.

Eng quvonarlisi, viloyatimizdan Olimpiada o‘yinlarida 10 nafar, Paralimpiya o‘yinlarida esa 4 nafar sportchilarimiz ishtirok etib, oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan Husniddin Norbekovga Qorasuv massividan uch xonalik, Parvina Samandarova hamda Davlat Bobonovga ikki xonalik uyning kaliti topshirildi.

Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun litsenziyani qo‘lga kiritgan sportchilarga Samarqand shahridan boshlang‘ich to‘lovi to‘langan ikki xonali uy (kvartira) hamda ularning murabbiylariga tashakkurnoma va 25 million so‘mdan mukofot puli berildi.

Husan ELTOYeV.