Urgutlik parasportchi Uljon Amriyeva paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi
Parijda o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan samarqandlik sportchilar soni 5 nafarga yetdi.
Shu paytga qadar parayengil atletika bo‘yicha Husniddin Norbekov, Kubaro Hakimova, Urganchbek Egamnazarov hamda para pauerlifting bo‘yicha Qudratoy Toshpo‘latova litsenziyani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ular qatoriga paradzyudochi Uljon Amriyeva ham qo‘shildi.
Xalqaro ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi tomonidan paradzyudo bo‘yicha "Parij-2024" yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyasini beruvchi yakuniy reyting e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 8 nafar o‘zbekistonlik paradzyudochi Parijda o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritdi. Ular orasida urgutlik parasportchi Uljon Amriyeva ham bor.
Uljon Amriyeva 1999 yilda Urgut tumanining Etak beshkapa mahallasida tug‘ilgan. 2005-2016 yillar Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalarga ixtisoslashgan 59-maktab internatida tahsil olgan. Keyin shahardagi pedagogika kollejini tugatib, 2020 yilda Samarqand davlat universitetining geografiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Ayni paytda u viloyat yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi paradzyudo bo‘limi sportchisi.
- Uljonoy 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, paradzyudoga qiziqishi oshgan va ushbu sport turi bilan qariyb besh yildan buyon birgalikda shug‘ullanamiz, - deydi uning murabbiyi Dilnoza Bahromova. – U juda tirishqoq, mashg‘ulotlarda ham tinmay harakat qiladi. O‘tgan yil O‘zbekiston chempioni bo‘lib, terma jamoaga qabul qilindi va ketma-ket nufuzli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egalladi.
Xususan, Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan paradzyudo bo‘yicha gran-pri turnirida, Londondagi jahon o‘yinlari musobaqasida, Xitoyda o‘tkazilgan paraosiyo o‘yinlarida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Joriy yilning 17-18 fevral kunlari Germaniyada o‘tkazilgan IBSA gran-prisida esa 57 kilogramm vazn toifasida chempion bo‘ldi. Uljonoyning qisqa fursatda nufuzli musobaqalarda erishgan bu yutuqlari besamar ketmadi - paraolimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olib, barchamizni xursand qildi. Sportchimiz Olimpiya o‘yinlarida ham davlatmiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, medal bilan qaytishiga ishonamiz.
Fazliddin Ro‘ziboyev.