Urgutlik para dzyudochi Uljon Amriyeva davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, urgutlik Uljon Amriyeva Prezident farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Uljon Amriyeva 1999 yilda Urgut tumanining Etak beshkapa mahallasida tug‘ilgan. 2020 yilda Paralimpiya milliy terma jamoasiga qabul qilingan. Ayni paytda u viloyat yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi paradzyudo bo‘limi sportchisi.
- Allohning irodasi ekan, ko‘zimdagi nuqson sabab 10 yil Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan 59-maktab internatida o‘qiganman, - deydi Uljon Amriyeva. – Rosti, maktabda o‘qish, yaqinlardan uzoqda yashash qiyin bo‘lgan. Biroq, ustozlarim va tarbiyachilarning e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi sababli shu maktabni a’lo baholar bilan bitirganman. 2013-2014 yillarda makatabimizda para sport turlari rivojlandi va katta yoshdagi o‘quvchilarning musobaqalarga chiqishiga qiziqib, 2015 yilda yengil atletikaning yugurish turi bilan shug‘ullanishni boshladim.
2016-2019 yillarda shahardagi pedagogika kollejida o‘qidim va bu davrda sport bilan shug‘ullanishga imkon bo‘lmadi. 2020 yilda Samarqand davlat universitetining geografiya fakultetiga o‘qishga kirganimdan so‘ng, Tokioda bo‘lib o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida para sportchilarimiz erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, para dzyudoga qiziqishim oshdi va shogirdlari chempion bo‘lgan Dilnoza Bahromova qo‘l ostida shug‘ullanishni boshladim. 2023 yil may oyida terma jamoaga qabul qilindim va avgust oyidan xalqaro musobaqalarga chiqa boshladim.
Xususan, Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan paradzyudo bo‘yicha gran-pri turnirida, Londondagi jahon o‘yinlari musobaqasida, Xitoyda o‘tkazilgan paraosiyo o‘yinlarida bronza medallarini qo‘lga kiritdim. Joriy yilning 17-18 fevral kunlari Germaniyada o‘tkazilgan IBSA gran-prisida esa 57 kilogramm vazn toifasida chempion bo‘ldim. Qisqa fursatda nufuzli musobaqalarda erishgan bu yutuqlarim besamar ketmadi va Parijdagi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldim.
Parijdagi Paralimpiya o‘yinlari musobaqasi jarayonlariga ham yetib bordim, kurashdim. Ammo biroz omad yoki tajriba yetishmadimi, imkoniyatni boy berdim. Aslida, bunday nufuzli musobaqada ishtirok etishning o‘zi men uchun katta baxt va tajriba bo‘ldi.
Musobaqadan so‘ng prezidentimiz Paralimpiya o‘yinlarida faol qatnashgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotladilar. To‘g‘risi, ular orasida men ham borligimni eshitib, juda xursand bo‘ldim.
Harakatlarimni e’tiborga olib, Prezidentimiz “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Albatta, bu ishonchga munosib bo‘lib, keyingi musobaqalarda oltin medalni qo‘lga kiritish uchun harakat qilaman.
- Olti nafar farzandimiz bor, Uljonoy to‘rtinchisi, - deydi Uljon Amriyevaning onasi Gullola Narimova. - Qizim Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan 59-maktab internatida o‘qigan. Yoshligidan biroz erkaroq, sho‘x, o‘g‘il bolalarga o‘xshardi. Nimagadir erishishni maqsad qilsa, unga erishmaguncha harakatdan to‘xtamas edi. Shuning uchunmi, ko‘proq sportga qiziqdi, terma jamoaga qabul qilinib, nufuzli musobaqalar g‘olibi va sovrindori bo‘ldi. Yaqinda o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida ham ishtirok etdi, biroq o‘rin ololmagan bo‘lsa ham munosib kurashdi. Prezidentimiz qizimni qo‘llab-quvvatlab “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Bunday e’tibor farzandlarimizni g‘alabalarga yetaklashi shubhasiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.