Oqdaryoda aholiga berilayotgan maishiy gaz ballonlarini tadbirkorlarga sotayotgan shaxs ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, IIB va “Hududgazta’minot” xodimlari bilan olib borilgan tadbir davomida Oqdaryo tumanida suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlarni noqonuniy ravishda xususiy tadbirkorlarga sotish holatiga chek qo‘yildi.

Oqdaryo tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan A.S. o‘zining boshqaruvidagi “Bongo” rusumli avtomashinasida 55 dona 55 litrli, “stiker”lari mavjud bo‘lgan va suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlarini tumandagi oshxona va kafelarga olib ketayotganligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.

A.S. mazkur gaz ballonlarni “Tumangaz ta’minoti" korxonasi Oqdaryo tumani bo‘limidan 35 ming so‘mdan sotib olib, har birini xususiy tadbirkorlarga 70 ming so‘mdan sotish bilan muntazam shug‘ullanib kelgani, yashash xonadonida ham 36 dona gaz ballonlarni saqlab kelganligi aniqlangan.

Tekshiruv davomida A.S. “Tumangaz ta’minoti" korxonasi tuman bo‘limidagi ayrim xodimlar bilan jinoiy til biriktirib, 91 dona maishiy gaz ballonlarni o‘zlashtirib yuborganligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda A.S.ning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.