O‘qituvchilarga haq to‘lanadigan ta’til berilishi kerak

OAVda Toshkent maktablaridagi o‘qituvchilardan oilaviy sharoitiga ko‘ra, o‘z hisobidan ikki hafta ta’til olish uchun ariza yozishi talab etilgani to‘g‘risida maqola e’lon qilindi. Maqolada aytilishicha, bunday arizalarni olish to‘g‘risida 16 mart kuni buyruq olingan.

Xabaringiz bor, 2020 yilning 15 mart kuni Xalq ta’limi vazirligi soha xodimlarining amaldagi qonunchilikka muvofiq navbatdan tashqari ta’tilga chiqishi to‘g‘risida rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda xodimlar O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat ta’tilining bir qismini olishi mumkinligi ta’kidlandi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida haq to‘lanadigan ta’til berishga oid talablar belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 143-moddasi). Agar ushbu talablar bajarilmasa, xodimlarga qonunchilikka muvofiq ish haqi to‘lanmaydigan ta’tilga chiqish taklif qilindi.

Shuningdek, 2020 yil 17 martda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hukumat komissiyasining qaroriga binoan, 18 martdan boshlab barcha o‘qituvchilarga mehnat ta’tili berilishini e’lon qildi.

2020 yil 17 martda Xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Buyruqda qayd etilishicha, istisno tariqasida xodimlarga yillik ta’tilning qisqarishi munosabati bilan navbatdan tashqari ta’til beriladi.

Ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi haqida yozgan xodimlar hujjatlarni qayta rasmiylashtirish uchun maktab ma’muriyatiga murojaat qilishlari mumkin. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Shu bilan birga, xalq ta’limi hududiy bo‘linmalarining rahbarlariga haq to‘lanadigan ta’tilni ro‘yxatdan o‘tkazish talablariga rioya etishni ta’minlash vazifasi topshirildi.