Tanqiddan so‘ng: Payariqdagi maktablarda sanitariya holati bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi
Saytimizda "Payariqdagi bir qator maktablardagi holat sanitariya talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi" sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Holat yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi.
Maqolada Payariq tumanidagi 10-, 24-, 50- va 55-sonli umumta’lim maktablarida sanitariya-gigiyena holati o‘rganilganda, ushbu maktablar hojatxonasi zararsizlantirilmaganligi, qo‘l yuvgichlar ta’mirtalabligi hamda chiqindi konteynerlari belgilangan joyga qo‘yilmaganligi bayon qilingan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Payariq tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari va mas’ullariga yuqoridagi holatlarni bartaraf etish va takrorlamaslik bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
10-, 24-, 50- va 55-sonli umumta’lim maktablarining mas’ul shaxslariga Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitar qoida va me’yor talablari bo‘yicha ogohlantirish va kamchiliklarni tugatish bo‘yicha sanitariya tavsiyanomalari berildi.
Tumandagi 10-, 24-sonli umumta’lim maktabidagi qo‘lyuvgichlar soz holatga keltirildi va chiqindi uchun mo‘ljallangan konteyner asosiy binodan 30-40 metr uzoqlikda o‘rnatildi.
Tumandagi 10-umumta’lim maktabida 9 ta isitish qozoni mavjud bo‘lib, barcha qozonlar gaz va ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitishga mo‘ljallangan. Lekin bugungi kunda ob-havoning keskin sovib ketganligi sababli, maktabda gaz bosimi umuman yo‘qligi uchun ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitilmoqda. Gaz bosimini ko‘tarish bo‘yicha tuman hududiy gaz ta’minot korxonasiga xat berilgan.
Maktabga 24 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan. 2022-2023 o‘quv yili uchun maktabga yana 14 tonna qo‘shimcha ko‘mir berilishi rejalashtirilgan.