G‘oliblarga berilgan eski noutbuklar, hayfsan olgan hokim o‘rinbosari, ishdan bo‘shatilgan tuman XTB xodimi va “baxtli yakun”: Nuroboddagi “noutbuk voqeasi”ga nuqta qo‘yildi
Nurobod tumanidagi 41-maktab o‘quvchisi Sardor Sattorovning “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi tanlovda eski noutbuk bilan «taqdirlangani» haqdagi murojaatidan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay bunday o‘quvchilar soni tumanda uchta ekani oydinlashdi. Zarnews.uz muxbirlari holatni joyida batafsil o‘rgandi.
Sardor Sattorovdan so‘ng tumandagi 15-maktab o‘quvchisi ham tanlov g‘olibi sifatida eski noutbuk olgani haqida xabar tarqaldi. O‘quvchining yaqinlari holatni tasdiqladi. Tumanda bo‘lganimizda 67-maktab o‘quvchisi ham xuddi shunday, ishlatilgan noutbuk olgani oydinlashdi. Shu tarzda tumanda eski noutbuk olganlar uchtaga yetdi.
O‘rganish jarayonida tuman hokimining yoshlar ishlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi farmoyishi bilan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi. Oradan ko‘p o‘tmay, tuman xalq ta’limi bo‘limi AKT bo‘yicha mutaxassisining ishdan olingani ma’lum qilindi. Tanlov g‘oliblariga esa tuman XTB tomonidan kechasi boshqa noutbuk olib borib berilgan (ammo ertasi kuni u ham biroz bo‘lsa-da ishlatilgan ekani oydinlashgan).
Nega o‘quvchilarga eski noutbuk berilgan?
Mazkur tanlov Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan ilk marta o‘tkazilgan bo‘lib, tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblariga 1-o‘rin uchun noutbuk, 2-o‘ringa planshet va 3-o‘rin uchun telefon berish ko‘zda tutilgan. Bu - tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblari uchun.
Aslida tuman bosqichi g‘oliblari uchun ham noutbuk berish bo‘yicha tuman hokimliklariga tavsiyaviy xarakterda xat yuborilgan. Ammo Nurobod tumanida ana shu noutbuk olinmay qolgan va tuman bosqichi 1-o‘rin egalariga sovrin sifatida telefon apparati berilgan.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ravshan To‘rayev voqealar rivojini quyidagicha so‘zlab berdi:
- Mazkur tanlovning tuman bosqichi 2022 yil 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan edi. Tuman hokimligi tomonidan 1-o‘ringa telefon, 2-o‘ringa tefal va 3-o‘rin egalariga kitoblar to‘plami berilgan edi.
10 yanvar kuni esa tuman bosqichi g‘oliblari viloyat bosqichiga taklif etildi. Viloyat bosqichi boshlanishi oldidan tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Barcha tumanlar vakillari o‘zining tuman o‘quvchilariga noutbuklarni topshirdi. Ammo biz tumanning o‘zida dastlabki g‘oliblarga sovg‘amizni berib bo‘lganimiz uchun zudlik bilan tuman XTBda turgan noutbuklarni yetkazib bordik va bolalarga topshirdik. Aslida ular tuman bosqichi g‘olibligi uchun telefonlarni olishgan edi, - deydi R.To‘rayev.
Demak, mas’ulga ko‘ra, bolalar viloyat bosqichida o‘rin ololmagan. Ammo tumandagi taqdirlash oldinroq bo‘lib o‘tganiga qaramay, viloyat tadbirida boshqa tuman bolalari oldida qaytadan “taqdirlash” uyushtirilib ularga tuman XTB balansidagi ishlatilgan noutbuklar topshirilgan. (Vaqtincha ekani to‘liq tushuntirilmagan). Aftidan, bu uyalib qolmaslik uchun qilingan ammo “xom ishlangan” reja bo‘lgan. Keyinchalik xuddi ana shu ish keng muhokamalarga olib kelgan.
Viloyat tanlov komissiyasi hakamlar hay’ati a’zosi Ilhom Boymurodov bu haqda shunday deydi:
- Tanlovning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni Samarqand shahrida yashovchi o‘quvchi, 2-o‘rinni Narpay tumanidan kelgan o‘quvchi va 3-o‘rinni Qo‘shrabot tumanidan ishtirok etgan o‘quvchi qo‘lga kiritdi. Tanlov olimpiada talablari bo‘yicha test shaklida o‘tkazildi. Eski noutbuk bo‘yicha nurobodlik o‘quvchi S.Sattorovning murojaati e’lon qilingach, men platformani tekshirdim. Bu yigit tuman bosqichi g‘olibi sifatida viloyat bosqichida ishtirok etib, 73,25 ball to‘plagan va 8-o‘rinni band etgan. Birinchi o‘rinni olmagan.
Shunday qilib, yuqorida aytilganidek, tuman hokimligi va tuman XTB tomonidan tashkilotchilik borasida xatoga yo‘l qo‘yilgan. Boshqacha aytganda, shunchaki “rasmga tushish” uchun qaytadan tashkil etilgan “taqdirlash” XTV tizimi uchun ham, Nurobod tumani uchun ham qimmatga tushdi. Eng yomoni, bu tushunmovchiliklar hali dunyoni tushunishga harakat qilayotgan yosh bolalarga ta’sir qilgan.
Ammo surishtiruv nihoyasida saytimiz muxbirlari iliq yoxud “chiroyli yakun”ga guvoh bo‘lishdi.
Nurobodlik bu uch yigitning o‘z tanlagan sohasidan chekinmaslik va ularga qo‘shimcha rag‘bat berish uchun viloyat hokimi tomonidan uchta noutbuk ajratilgani ma’lum bo‘ldi.
Jamoatchilik va bolalarning yaqinlari qarshisida noutbuklar yosh dasturchilarga tantanali ravishda topshirildi. Ularning ota-onasiga minnatdorchilik bildirildi.
Bu orada mazkur shov-shuvli xabarlar butun mamlakatga tarqalib ulgurgani rost. Holatdan xabar topgan shu sohada faoliyati yurituvchi bir guruh tadbirkorlar ham yosh dasturchilarga noutbuk sovg‘a qilishdi. Nuroboddagi “eski noutbuk voqeasi” shu tarzda yakun topdi.
Anvar Mustafoqulov,
Baxtiyor Mustanov (foto).