Samarqanddagi oliygohlarda «Viloyat hokimi fan olimpiadasi» o‘tkazilmoqda
«O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostidagi «Yoshlar festivali» doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetida Kimyo fanidan «Viloyat hokimi fan olimpiadasi» o‘tkazildi.
Olimpiadada viloyat bo‘yicha ko‘plab tumanlardan ellikka yaqin 10-11-sinf o‘quvchilari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Test shaklida o‘tkazilgan sinovlarda o‘quvchilarga kimyoviy masalalarni yechishga 2 soat vaqt berildi.
Yakunda ishlar tahlil qilinib, hakamlar tomonidan baholandi. Natijalarga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘rinni Paxtachi tumani 37-maktab o‘quvchisi Zulfiyaxon Maxsiddinova, 2-o‘rinni Oqdaryo tumani 45- maktab o‘quvchisi Sevinch Maxmayusupova, 3-o‘rinni Toyloq tumani 43-maktab o‘quvchisi Sabina Axmadova qo‘lga kiritdi.
11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa 1-o‘rinni Payariq tumani 14-maktab o‘quvchisi Olovuddin Abduraimov, 2-o‘rinni Jomboy tumani 12-maktab o‘quvchisi Og‘abek Sobirov, 3-o‘rinni Nurobod tumani 11-maktab o‘quvchisi Gulasal Xushmurodova egallab, «Viloyat hokimi fan olimpiadasi» sovrindorlariga aylandi.
O‘quvchilarga tantanali ravishda diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Olimpiadadan so‘ng barcha ishtirokchilar va ularning ustozlari, ota-onalari uchun bayramona dasturxon yozildi.
Boshqa oliygohlarda ham xuddi shunday olimpiadalar o‘tkazilmoqda.