Asosiy fan olimpiadasida Samarqand yetakchi o‘rinni egalladi
Yaqinda asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatimizdan qatnashgan o‘quvchilarning 9 nafari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
- Samarqandlik o‘quvchilar asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida keyingi 33 yil ichida birinchi marotaba umumjamoa hisobida respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov olimpiada g‘oliblari va o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. - Albatta, bunday natijaga erishishda pedagoglar va soha mas’ullari astoydil hamjihatlikda mehnat qildi.
- Bu natijani qo‘lga kiritish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Xurshid Xojiqulov. – Olimpiada sabab chekka tumanlardagi iqtidorli o‘quvchilarni kashf qildik. Tuman va shahar bosqichlarida ham viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokini ta’minlab, imtihonlarni adolatli o‘tkazdik. Mashaqqatli mehnatimiz samarasini berdi.
Fan olimpiadasi g‘oliblarining ortida fan o‘qituvchilarining mashaqqatli mehnati borligini ham tan olish kerak. O‘quvchisi asosiy fan olimpiadasida faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilarning quvonchi cheksiz. Buni ularning so‘zidan ham bilish mumkin.
- Bu yilgi asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida o‘quvchim Muxlisa Ne’matullayeva ona tili va adabiyot fanidan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, - dedi Narpay tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Gulandon Ochilova. – O‘quvchim o‘tgan yilgi fan olimpiadasining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Bu yil birgalikda fan olimpiadasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik va natijaga erishdik. Bundan tashqari, o‘zim ham turli tanlovlarda qatnashib turaman. Masalan, o‘tgan yili esselar tanlovida viloyatda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edim.
- Sakkiz yildan beri Ishtixon tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida fransuz tilidan dars beraman, - dedi Gulsanam Shodiyeva. - O‘quvchim Suhrob Musurmonov asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 3-o‘rinni egalladi. O‘qituvchi uchun o‘z mehnatining natijasini ko‘rishi qanday baxt. Maktabda o‘quvchilarim fransuz tilini sevib o‘rganishadi, hatto maktabimizga keladigan xorijlik mehmonlar bilan ham fransuz tilida gaplasha oladi. Masalan, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ta’lim sohasi bo‘yicha mutaxassisi, janob Serje Bellini tashrif buyurganida Suhrob ularga milliy taomlarimiz va urf-odatlarimiz haqida gapirib bergandi.
- 5-sinfligimdan buyon “Bilimlar bellashuvi” va asosiy fan olimpiadalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelaman, - dedi Narpay tumanidagi 31-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Ne’matullayeva. – Bu yilgi asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 2-o‘rinni egalladim. Bu uchun barcha ustozlarimga tashakkur bildiraman. Ona tilidan tashqari chet tili fanidan ham sertifikatlarni qo‘lga kiritganman. Kelajakda xalqaro aeroportda dispetcher bo‘lib ishlamoqchiman.
Xurshida ERNAZAROVA.