Samarqandlik 9 nafar o‘quvchi asosiy fan olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Samarqand shahrida asosiy fan olimpiadasining ona tili va adabiyot, ingliz, nemis, fransuz tillaridan IV respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qolgan fanlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning boshqa viloyatlarida o‘tkazildi.
Olimpiada natijalariga ko‘ra, ingliz tilidan Ishtixon tumani 35-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohinurxon Suyunova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ona tili va adabiyot fanidan Narpay tumanidagi 31-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Ne’matullayeva 2-o‘rinni, nemis tilidan Samarqand shahar 51-IDUM o‘quvchisi Aliakbar Akbarov va fransuz tilidan Ishtixon tumani 17-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Suhrob Musurmonovlar 3-o‘rinni egalladi.
- O‘tgan yili viloyatimizdan biror o‘quvchi fan olimpiadasining respublika bosqichida o‘rin ololmagandi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Hojiqulov. – Bu yil to‘qqiz nafar o‘quvchi turli fanlardan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublikada birinchi o‘rinni egalladik. Bu natijaga erishish uchun, avvalo, o‘quvchilarni fan olimpiadalariga astoydil tayyorladik. Shuningdek, saralash imtihonlarini tanish-bilishsiz shaffof o‘tkazdik.
Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ularga oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida o‘sha fandan maksimal ball beriladi. G‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilariga bir yil mobaynida 100 foizlik ustama puli to‘lanadi. Maktab direktorlari ham tegishli ravishda rag‘batlantiriladi.
Xurshida ERNAZAROVA.