“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: Farovonlikka yo‘l
Samarqand shahrida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va 2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosi ustidan monitoring va jamoatchilik nazoratini tashkil etish, shuningdek, dasturda ko‘zda tutilgan vazifalarni aholiga yetkazish maqsadida monitoring va jamoatchilik tadbirlari o‘tkazildi.
Dastlab shahardagi yoshlar markazida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, “Yuksalish” harakati mas’ullari hamda viloyatdagi boshqarma, korxona-tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev ushbu monitoring va jamoatchilik tadbirining mohiyati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2024 yil Davlat dasturining maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari mazmuni, “Yuksalish” harakati Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Elyor Hamroyev hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar va ularning bajarilishi holati yuzasidan fikrlarini bildirdi.
- Yaqinda “O‘zbekiston – 2030” – xalq strategiyasi” onlayn portali ishga tushirildi, - dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. - Ushbu portal orqali aholi “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi hamda har yili Strategiya asosida qabul qilinadigan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi va natijadorligini muntazam kuzatib, o‘z fikr, taklif va munosabatlarini bildirib borish imkoniyatiga ega. Platformada bildirilgan fikr va ilgari surilgan tashabbuslar markazimiz ekspertlari tomonidan tizimlashtirilib, har oyda respublika komissiyasiga taqdim etib boriladi.
Tadbirda 2024 yilgi Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamalarida faol ishtirok etgan yurtdoshlarimizga “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tashakkurnomalari topshirildi.
- “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va 2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasiga bergan takliflarim inobatga olindi va ijro uchun mas’ul rahbarlar e’tiboriga havola qilindi, - deydi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali dotsenti Shahriyor Xolboyev. – Bugun tashakkurnoma olganim hamda mamlakatimiz kelajagi, taraqqiyoti uchun takliflarim e’tiborsiz qolmayotganidan mamnunman. Bu borada tahlillarim va o‘rganishlarimni izchil davom ettiraman.
Kunning ikkinchi yarmida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, “Yuksalish” harakati mas’ullari “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi holatini o‘rganish maqsadida viloyatimizdagi bir qator tashkilot-muassasalarda bo‘ldi.