O‘zbekiston — Fransiyada rasmiylari qishloq xo‘jaligida hamkorlik masalalarini kelishib oldi

Fransiyada Xalqaro Parij qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etmoqda.
Tashrifning ilk kunida, Qishloq xo‘jaligi vaziri Fransiya taraqqiyot agentligi vakili Sandra Rulliyer, Fransiya Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tadqiqot markazi (CIRAD) rahbari Elizabet Martin va Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, atrof-muhit va global salomatlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot alyansi «Agreenium» vakili Jerom Bove bilan uchrashdi.

Unda Fransiya taraqqiyot agentligidan grant mablag‘larini jalb etgan holda O‘zbekistonda tuproq unumdorligini oshirish, yangi ekin navlarini yaratish, iqlim o‘zgarishini oldini olish va qishloq xo‘jaligi strategiyasini qo‘llab quvvatlash yo‘nalishlarida (CIRAD) va Agreenium ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda tadqiqotlar va izlanishlar o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish va tomorqa yer maydonlarida vertikal issiqxonachilikni tashkil etishga qaratilgan moliyalashtirish manbaalarini shakllantirish muhokama qilindi.