O‘zbekiston hududlarida dori vositalariga qancha pul sarflanadi?

Aholi jon boshiga hisoblaganda ham, eng katta xarajatlar borasida ham Samarqand “yetakchi"lar safida.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, respublika bo‘yicha 8 ming 575 ta dorixona ro‘yxatga olingan va ularda 15 ming 941 ta onlayn-nazorat-kassa texnikalari mavjud. Ularda xaridorlarga beriladigan fiskal cheklar aholi medikamentlarga qancha sarflayotganligi haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish imkonini beradi.

Xususan, 2024 yil yurtimizdagi jismoniy shaxslar dori vositalariga 19,7 trillion so‘mdan ortiq (shundan 15,7 trillion so‘mdan ko‘prog‘i import preparatlar hamda salkam 4 trillion so‘m mahalliy ishlab chiqarilgan) preparatlarga sarflagan.

Aholi jon boshiga nisbatan to‘g‘ri keladigan eng yuqori xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:

- Toshkent shahrida – 1,7 million so‘m;

- Buxoro viloyatida – 746 ming so‘m;

- Samarqand viloyatida – 660,7 ming so‘m.

Eng kam xarajatlar, Qashqadaryo (308,9 ming so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (302,3 ming so‘m) va Surxondaryo (289,5 ming so‘m) viloyatida qayd qilingan.

Eng katta xarajatlar:

- Toshkent shahri - 5 trillion so‘m;

- Samarqand viloyatida - 2,6 trillion so‘m;

- Farg‘ona viloyatida - 1,5 trillion so‘m.

Qayd etilishicha, poytaxt ko‘rsatkichlari yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashganligi hisobiga shakllangan. (https://t.me/soliqnews/15136)

Bundan tashqari, eng ko‘p mablag‘ quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga sarflangan:

- yurak-qon tomir kasalliklari;

- infeksion kasalliklar;

 - og‘riq qoldiruvchi vositalar;

- asab tizimi kasalliklari;

- oshqozon-ichak kasalliklari.