Ayrim toifadagi shaxslar dori vositalari bilan imtiyozli asosda ta’minlanadi

Ambulatoriyada davolanishda shaxslarning ayrim toifalarini dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash dori vositalarini ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali yoxud dorixonalar orqali berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bemorlarga dori vositalarini imtiyozli berish bemorlar ambulatoriya tartibida davolanadigan ambulatoriya-poliklinika muassasasida davolovchi vrachlarning tayinlashi bo‘yicha bepul beriladi.

Talab etiladigan dori vositasi ambulatoriya poliklinika-muassasasida mavjud bo‘lmagan taqdirda davolovchi vrachlar ularni dorixonalardan imtiyozli berish uchun retseptlar yozadi.

Retseptni olish uchun bemorlar (ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, qarindoshlar) ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqini tasdiqlaydigan hujjatni ko‘rsatgan holda bemorlar hisobda turadigan joydagi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun biriktirilgan joydagi ambulatoriya-poliklinika muassasasiga murojaat qiladilar.

Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega shaxslar:

  1. Onkologik kasalliklarga chalinganlar.

  2. Sil kasalligiga chalinganlar.

  3. Moxov kasalligiga chalinganlar.

  4. Endokrinologik kasalliklar (qandli va qandsiz diabet)ga chalinganlar.

  5. Ruhiy kasalliklarga chalinganlar.

  6. OIV kasalligini yuqtirganlar.

  7. Yurak klapanini protezlash va organlarni ko‘chirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar.

  8. Dasturli gemodializ oluvchi bemorlar.

  9. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar.

  10. 1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar.

  11. 1941-1945 yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari.

  12. "Chernobil" AESi falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar.

  13. Baynalmilalchi jangchilar.

  14. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ushbu toifadagi shaxslar uchun beriladigan dori vositalari ro‘yxati ham tasdiqlangan.