Ishtixonda bepul dori vositasi haqida jamoatchilikka xabar berilmoqda. Nega?
Uzoq o‘tmish emas, shu yaqin o‘rtada shifoxonaga ishi tushib borganlar ham biladiki, aksariyat hollarda bemor yoki uning yaqinlariga dorilar ro‘yxati yozib beriladi. Beixtiyor xayolingizdan o‘tadi - davolanish bepul bo‘lgan davlat shifoxonalarida nahotki biror bir dori vositasi bo‘lmasa? Bor yoki yo‘qligi sizga qorong‘u.
Shu sababdan bundan sal oldinroq viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohadagi vaziyat keskin tanqid qilindi. Ayrim oilaviy poliklinikalarda 120 turdagi dori vositalari bo‘lsa-da, fuqarolarga bepul dori-darmon bermaslik holatlari qayd etilgani, ayrim shifoxonalarda esa bemorlar MRT, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya tekshiruvlari uchun xususiy sektorga yuborilgani, holbuki, bu turdagi xizmatlar va jihozlar davlat muassasalarida ham bor ekani aytildi. Har bir tumandagi vaziyatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgani ta’kidlandi.
Ishtixon tumanida tibbiy xizmat sifatini o‘rganish uchun borganimizda birinchi navbatda yuqoridagi yangilik e’tiborimizni tortdi. Tibbiyot birlashmasi oilaviy shifokorlik punktlari bo‘yicha kordinatori Bahodir Abdurazzoqovning ma’lum qilishicha, Ishtixonda telegram ijtimoiy tarmog‘ida tibbiyot bo‘yicha jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etilgan bo‘lib, tumanga berilgan har qanday dori vositasi va tibbiyot uskunasi haqida shu guruhda xabar qoldiriladi. Dori vositalari qaysi bo‘limlarga, qancha berilgani, kimlar uchunligi ham ma’lum qilinadi. Mazkur guruhga barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari oqsoqollari, faollar, umuman, kim istasa a’zo bo‘lib kuzatib bormoqda.
- Shu guruhni tashkil etganimizdan so‘ng qaysi hududlarga dori vositalari yetib borsa, ertasi kuni mahalla faollari o‘sha QVPga kirib, dorilarni sanab chiqishiga ham guvoh bo‘ldik, - deydi B.Abdurazzoqov. - Bundan ranjiganimiz yo‘q, modomiki, ishonchsizlik bormi, demak bunga tibbiyot xodimlari yo‘l qo‘ygan, o‘z vaqtida bor dorilar ham berilmagan. Endi esa hech kim bunday qila olmaydi. Chunki aholi guruhda ko‘rib turadi, qaysi dori bor yoki yo‘q ekanini.
Tibbiyot jamoatchilik nazorati guruhiga o‘zimiz ham a’zo bo‘ldik. Ko‘rdikki, doridan boshqa masalalar ham muhokama qilinyapti. Masalan, hududlardan birida yashovchi fuqaro, o‘z savolini qoldiryapti: “Nima uchun QVPda shifokor o‘z joyida emas?”. Va ko‘p o‘tmay bu savolga ham tuman TTB xodimlari tomonidan munosabat bildirilmoqda.
E’tiborimizni tortgan ikkinchi masala — tuman tibbiyot birlashmasi dori omborxonasida bo‘ldi. Gap shundaki, davlat tomonidan berilgan har qanday dori vositasiga shunday muhr qo‘yiladi: “Sotish taqiqlanadi!”.
Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Aziz Xudoyberdiyevga ko‘ra, birlashma uchun beriladigan dori vositalari qabul qilingan zahoti shunday muhr qo‘yilishidan maqsad - bu dorilarning qing‘ir yo‘l bilan sotuvga chiqib ketishining oldini olish. Bunday muhrga ega dori vositasi chiqib ketgan taqdirda ham uni dorixonalar qabul qila olmaydi va shu yo‘l bilan dorilar masalasida uchrashi mumkin bo‘lgan qing‘irlikning oldi olinadi.
– Albatta, tizimda barcha bo‘limda har qanday dori vositalari to‘liq birlashma tomonidan qoplanyapti, deya olmayman, - deydi Aziz Xudoyberdiyev. - Tan olish kerak, hozir ham o‘zimizda bo‘lmagan ayrim dorilar yozib berilyapti. Ammo bizda mavjud dorilarning faqat bemorlarga tekin berilishiga kafolat bera olamiz.
Bo‘limlarda bemorlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdik. Dori ta’minoti bo‘yicha har kimning fikri turlicha. Masalan, kimdir 90 foiz dorilar davlat tomonidan berilayotganini aytsa, yana kimdir dorilarning teng yarmini dorixonadan olib kelayotganini bildirdi. Bilishimizcha, bu bo‘lim, kasallik va davolash turi dori vositalari zaruriyatidan kelib chiqib kuzatilmoqda.
E’tiborimizni tortgan navbatdagi holat — tuman tibbiyot birlashmasida 20 dan ziyod dorixona bor ekan. Bu dorixonalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan, albatta. Talabga qarab shakllangan. Yaqingacha bemorlarga varaq-varaq dorilar ro‘yxati yozib berilgan.
- Viloyat va respublika rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda dorilar yozib berish masalasi juda qattiq tanqid qilingandan so‘ng, barcha tumanda, jumladan, bizda ham bu narsa nazoratga olingan, - deydi shifokolardan biri. - Birinchi navbatda turli firmalarning dorilaridan butunlay voz kechildi. Ikkinchidan, faqatgina vazirlikning tegishli xatida ko‘rsatilgan tartibda eng muhim va shifoxonada bo‘lmagan dorilar retsept qog‘ozda muhr bilan yozib berilmoqda va har bir dori uchun shifokor javobgarlikni o‘z zimmasiga olmoqda.
Qiziq holat, kun davomida shifoxonaning barcha bo‘limlarida shifokor va bemorlar bilan atroflicha suhbat uyushtirdik, jarayonni tasvirga oldik. Bunga tabiiyki, hech qanday to‘sqinlik bo‘lgan emas, aksincha, nima ma’lumot kerak bo‘lsa taqdim etilmoqda, kamchiliklar tan olinib, qanday yechim izlanayotgani aytilmoqda. Ammo, atrofdagi dorixonalarni tasvirga olar ekanmiz, ayrim dorixona egalarining tashvishga tushgani va asabiylashgani bizni hayron qoldirdi. Aftidan, dori “biznesi”ga chek qo‘yish borasida so‘nggi haftalardagi qat’iyat va chora-tadbirlar hammaga ham yoqayotgan emas.
Ha, aytganday, barcha bo‘limlarda davlat tomonidan berilishi lozim bo‘lgan dorilar ro‘yxati yozib qo‘yilgan. Bu yaxshi, albatta. Shuningdek, bosh vrach bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish uchun tashkil etilgan telefonlarga ham ko‘zimiz tushdi, ammo ularning hammasi ham ishlamas ekan...
Tibbiyot birlashmasi hududida xususiy shifoxonalarning borligi yana bir fikrni ilgari surishga turtki berdi. Chunki tuman tibbiyot birlashmasi hududida xususiy shifoxona bo‘lishi bu faqat Ishtixonda emas, boshqa tumanlarda ham kuzatiladigan holat. Xo‘p, buning nimasi yomon, deyishingiz mumkin. Birinchidan, agar tuman markaziy shifoxonasida barcha zarur mutaxassislar va tibbiyot uskunalari bo‘lsa aynan shu hududda xususiy shifoxonaga ehtiyoj bo‘lmaydi. Xo‘p, ehtiyoj bor ham deylik. Ammo bu yana bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Misol sifatida o‘zimiz guvoh bo‘lgan bir voqeani keltiramiz. Bir necha yil oldin davlat shifoxonasida bo‘lib, kerakli mutaxassisni ancha kutishga to‘g‘ri kelgan. Bilsak, shifokorning shu atrofdagi xususiy shifoxona bilan ham shartnomasi bo‘lib, doimo “bir oyog‘i” o‘sha yerda bo‘larkan. Bu esa ko‘pincha bemorlar uchun noqulayliklar keltirib chiqaradi. Hozir ham bunday holatlar mavjud va fikrimizcha, bu masala ham bir o‘rganib ko‘rilishi kerak.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.