O‘zbekistonda kishi boshiga yiliga 12,4 kilogramm o‘simlik yog‘i to‘g‘ri keladi
O‘zbekiston aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan yillik ehtiyoji 483 ming tonnani tashkil etadi. Uning 251 ming tonnasini mahalliy xom ashyo, 45 ming tonnasini import xom ashyosi hisobiga ishlab chiqarilgan o‘simlik moyi hisobiga qoplanadi.
Bu haqda AOKAda “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Shuningdek, yiliga o‘rtacha 187 ming tonna import qilingan tayyor o‘simlik moyi aholi iste’moli uchun yo‘naltiriladi.
Respublikamizda iste’mol qilinayotgan o‘simlik moyining 230 ming tonnasini kungaboqar moyi, 203 ming tonnasini paxta moyi, 48 ming tonnasini zig‘ir, palma, maxsar, zaytun va boshqa moylar tashkil etadi.
Mamlakatda 500 dan ortiq yirik va kichik yog‘-moy korxonasi mavjud bo‘lib, shundan 300 tasi sanoat korxonasi, 200 dan ortig‘i kichik korxona hisoblanadi.