O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 641 bemordan 4 nafarining ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3261 nafarga yetdi. Kuni kecha 42, jami 2607 nafar, ya’ni 81 foizdan ziyod bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 641 bemor davolanmoqda, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

45 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 20 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitda karantinga jalb qilingan. 25 may kuni 11 mingdan ko‘proq, kasallik dastlabki qayd etilgan kundan to bugunga qadar esa 597 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Karantin tadbirlari davom etyapti. Belgilangan karantin va cheklov tadbirlariga rioya etish har birimizning asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i kerak. Afsuski, keyingi kunlarda keng jamoatchilik, aniqrog‘i aholi orasida kasallik qayd etilyapti. Bu esa vaziyat jiddiy ekanini anglatadi.