O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 5 nafar bemorning ahvoli og‘ir
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan 5 nafar bemorning ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi.
«Mamlakatimizda koronavirus kasalligiga chalinganlar 173 nafarni tashkil etmoqda. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 93 bemorning 21 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti. Mazkur holat rengionalagik tekshiruv natijasida ham tasdiqlangan. Bemorlarning 5 nafarining ahvoli og‘ir, 3 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘ir, deb baholanmoqda. Ularning barchasi tegishli davolash muolajalarini olyapti.
Toshkent shahridan tashqari, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ham koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar davolanyapti. Har bir vaziyat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli axborotlar kelib tushyapti va mutaxassislarning kerakli maslahatlari tashkil etilyapti.
Ijobiy natijalar bor ekan, yaxshilikka umid qilsak bo‘ladi. Ammo dunyo miqyosida kasallik ko‘rsatkichi tobora o‘sib boryapti. Bir kunda dunyo bo‘yicha 70 mingdan ortiq odam kasallikka chalingan. Shunday ekan, biz uyda qolishimiz, tibbiyot xodimlarining maslahatiga quloq tutishimiz kerak, vaziyatni chigallashtirib yuborishga hech birimizning haqimiz yo‘q!».
Eslatib o‘tamiz, kecha, 31 mart kuni Farg‘onada 59 yoshli bemorning ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilingandi.