O‘zbekistonda soliq turlari qisqartirildi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni unifikatsiyalash, o‘xshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular soni maqbullashtirildi, soliq hisobotlari kamaytirildi va soddalashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.

Soliq turlari 9 tagacha qisqartirildi. Xususan, yagona yer solig‘i, davlat boji, bojxona to‘lovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq turlari bekor qilindi.

Kodeksga ko‘ra, soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi:

- kameral soliq tekshiruvi;

- sayyor soliq tekshiruvi;

- soliq auditi.

Qayd etish joizki, ilgari soliq tekshiruvlari vakolatli organ bilan kelishuvga ko‘ra o‘tkaziladigan va vakolatli organni xabardor qilish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlardan iborat bo‘lgan.

Kodeksga transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, “o‘zaro bog‘liq shaxslar” va “o‘zaro bog‘liq shaxslar o‘rtasida nazorat qilinadigan bitimlar”, “nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi” tushunchalari kiritildi.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bog‘liq “soliq to‘lovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi” tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari belgilandi.