O‘zbekistondagi ilk osma ko‘prik Samarqandda quriladi

Yaqin kelajakda Samarqand shahrining qiyofasi qanday o‘zgaradi? Yo‘llarda tirbandliklarni bartaraf etish, piyodalar yo‘laklari, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlari qay darajada tashkil etiladi? Buning uchun dunyoning rivojlangan davlatlaridan andozalar olinadimi?

Shu kabi savollarga oydinlik kiritish uchun viloyat qurilish bosh boshqarmasida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Shukurov Samarqand shahrida boshlanayotgan yangi loyihalar, yo‘l o‘tkazgichlar, suv tarmoqlari qurilishi yuzasidan ma’lumot berdi.

-  Prezidentimizning 2022 yil 8 sentyabrdagi “Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan, - deydi A.Shukurov. - Mazkur qaror asosida mamlakatimiz va Abu-Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida loyihani amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan 300 million dollar miqdorida kredit rasmiylashtirilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 2022-2026 yillarda Samarqand shahridagi (32,9 million dollar) 2 ta yo‘l - Amir Temur ko‘chasining Bo‘stonsaroy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin ko‘chasining Gulobod ko‘chasidan M-37 avtomobil yo‘ligacha 9,2 kilometr qismini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Tender natijalariga ko‘ra “New Tech Samarkand” (O‘zbekiston), “Sinoindustrial Tashkent” (O‘zbekiston) va “Tekar Teknik Arastirma Ticaret Limited Sirketi” (Turkiya) – Konsorsiumi yo‘l qurilishini bajaradi.

Samarqand shahar ko‘chalarida tirbandlikni kamaytirish uchun shaharning Gagarin – Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida 750 metr, Gagarin – Rudakiy ko‘chasi kesishmasida 650 metrli tunnel qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Gagarin ko‘chasidagi temiryo‘l ustida 78 metr, Siyob kanali ustida 165 metr ko‘prik quriladi. Mazkur qurilishlar ham mahalliy va xitoylik quruvchilar bilan hamkorlikda olib boriladi.

Samarqand shahridagi eng katta muammolardan yana biri suv ta’minoti bilan bog‘liq. Ko‘p yil avval qurilgan suv quvurlari eskirgan, yuqori bosimga dosh berolmasdan avariya holatlari ko‘p kuzatiladi. Bu albatta aholiga suv iste’molidagi uzilishlarga sabab bo‘ladi. Ushbu muammoning yechimi sifatida loyiha doirasida suvsozlarimiz turkiyalik hamkorlar bilan birga shaharda 6 ta nasos stansiyasi quradi va 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qiladi.

-  Yana bir loyiha asosida suvsozlar tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan shaharda jami 11,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini qurish, shundan Amir Temur ko‘chasida Bo‘stonsaroy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin ko‘chasida 8,9 kilometr tarmoq tortish ishlari amalga oshiriladi, - deydi loyihaning guruh rahbari Olimjon Alixodjayev. – Hozirda loyiha doirasida Amir Temur ko‘chasining Gagarin va Mir Said Baraka ko‘chalari kesishmasida ishlar boshlangan. Bunda D-500 bo‘lgan 760 metr uzunlikda tarmoq montaj ishlari yakunlandi. Montaj qilingan 84 metr tarmoq pnevmatik sinovdan o‘tkazildi. Gagarin ko‘chasida qurilish ishlarini boshlash uchun D-1000 millimetrli 3012 metr hamda D-800 millimetrli 600 metr cho‘yan quvurlar olib kelindi.

Mas’ullarning ma’lumotlariga ko‘ra, cho‘yandan tayyorlangan maxsus suv quvurlari Eron davlatidan keltirilmoqda. Chunki bu quvurlar suvning sifatiga ta’sir qilmaydi, payvandsiz qoplanadi va asosiysi, noqonuniy ulanishlarga barham beradi. Yana bir ma’lumot Gagarin ko‘chasining Siyob arig‘i ustidan o‘tgan qismida O‘zbekiston tarixida ilk bor 182 metrli osma ko‘prik qurilishi ham rejalashtirilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV.