O‘zbekistonliklar dekabrda Rossiyadan maxsus poyezdda qaytishlari mumkin

Pandemiya davrida Rossiya davlatida qolib ketgan yurtdoshlarimizga mamlakatimizga kelishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishida 483-sonli maxsus yo‘lovchi poyezdining 8 marotaba qatnovi amalga oshiriladi.

2021 yil 4 dekabr kuni soat 20:57 da “Voljskiy” temir yo‘l vokzalidan ushbu poyezdning birinchi reysi qatnovi boshlangan bo‘lsa, qolgan reyslari 6, 10, 13,17, 20, 24, 27 dekabr kunlari soat 20:57 da ushbu temir yo‘l vokzalidan harakatini amalga oshiradi.

Mazkur poyezdga faqat bir tomonga, ya’ni “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo‘lga qo‘yilgan. Rossiyadagi yurtdoshlarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali ye-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo‘natishlari ham mumkin.