Xitoydan O‘zbekistonga konteyner blok-poyezdi jo‘natildi

Xitoyning Landjou stansiyasida "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston" multimodal yo‘nalish bo‘yicha konteyner blok-poyezdining jo‘nash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ xabar bermoqda.

Landjoudan (Xitoy) yuborilgan konteyner blok-poyezdi 30 dona 40 futlik konteynerlardan iborat bo‘lib, u avtomobil ehtiyot qismlari, mebel, kanselyariya buyumlari, mashina va uskunalardan iborat. Umumiy marshrutning uzunligi 6500 kilometrdan ortiq va yukning umumiy og‘irligi 700 tonnadan oshadi. Tashuv vaqti 16-18 kunni tashkil etishi kutilmoqda.

Multimodal koridor bo‘ylab tashish Landjou stansiyasidan Kashgar stansiyasigacha (Xitoy) temir yo‘l orqali amalga oshiriladi. Keyin yuk avtomobil yo‘li orqali O‘sh temir yo‘l stansiyasiga (Qirg‘iziston) yetkaziladi. O‘sh stansiyasidan Xayraton stansiyasiga yana temir yo‘l orqali yetkazib beriladi.