O‘zbekistonning birinchi prokurori samarqandlik bo‘lgan
Viloyat prokuroraturasi muzeyida bu haqdagi hujjatlar bilan tanishish mumkin.
Unga ko‘ra, Do‘st Ustaboyev Muhammad o‘g‘li 1921 yil 22 fevraldan Turkiston ASSR adliya xalq komissari, iyundan Turkiston ASSR bosh prokurori, o‘rindoshlik asosida Turkiston ASSR favqulodda komissiyasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Do‘st Ustaboyev 1886 yili Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida etikdo‘z oilasida tug‘ilgan. Manbalarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘ondagi rus-tuzem maktabida o‘qigan. Otasi vafot etgach, oilani boqish uchun maktab qorovuli bo‘lib ishlagan.
U 1905 yilgi inqilobiy voqealarning faol ishtirokchisi bo‘lgan, varaqa va proklamatsiyalarni mahalliy aholiga tarqatish bilan shug‘ullangan. 1913 yilda Samarqand choy fabrikasiga ishga kirgan Do‘st ish tashlashni tashkil etgani uchun ishdan haydalgan.
1918 yili partiyaga kirgan, oq kazaklar va oq gvardiyachilarga qarshi janglarda ishtirok etgan. Keyinchalik Samarqand uyezdi shahar soveti ijroiya komiteti raisi bo‘lib saylangan. 1921 yil dekabrida sovetlarning Butunturkiston, Butunrossiya sovetlari qurultoylarida qatnashgan, Butunrossiya Markaziy ijroiya komiteti a’zosi bo‘lgan.
1924 yili O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi banki raisi, o‘sha yil 4 iyuldan RSFSR Oliy sudi sudyasi etib tayinlangan. Butunrossiya Markaziy ijroiya komiteti prezidiumi qoshidagi millatlar bo‘limi mudiri o‘rinbosari bo‘lgan. Keyinchalik ham turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan. 1964 yili Moskvada vafot etgan, Toshkentda dafn qilingan.
Internet manbalarida bu inson haqida deyarli ma’lumot uchratmadik. Ammo Toshkent shahrida shu kishining ism-familiyasi bilan nomlangan ko‘cha bor.