O‘zLiDeP faollari “SXF SAMARQAND SITI STROY” faoliyati bilan tanishdi
Bugungi kunda Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “SXF SAMARQAND SITI STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Samarkand city hududida zamonaviy mehmonxonalar, amfiteatr, bouling-klublar, karaoke-barlar, kafe, restoranlar, esdalik sovg‘alari va boshqa mahsulotlar do‘konlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, korxona va tashkilotlar uchun ofislar hamda ko‘p qavatli aholi turar joylari bunyod etilmoqda.
O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi a’zolari ushbu inshootlarning qurilish va loyiha jarayonlari bilan tanishdi. Ta’kidlash lozimki, Samarkand city majmuasining umumiy maydoni 13 gektarni tashkil qiladi. Qurilish ishlariga 350 dan ortiq quruvchi jalb etilgan. Partiya faollariga MChJ rahbari Xurshid To‘rayev hamroh bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan loyihalarni namoyish etdi.
- Bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilgan, – deydi X.To‘rayev. - Men ham bu imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishni burchim deb bilaman. Oldimizga ulkan rejalarni qo‘yganmiz. Bu loyihalarni amalga oshirish orqali ko‘plab ish o‘rinlarini tashkil qilish, aholiga qulayliklar yaratish, Samarqand shahrining turizm salohiyatini yuksaltirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
O‘z navbatida O‘zLiDeP faollari partiya dasturiy maqsad va vazifalari yuzasidan “SXF SAMARQAND SITI STROY” MChJ ishchi xodimlariga targ‘ibot ishlari olib bordi. Natijada 100 ga yaqin ishchi xodimlar partiya safiga kirish istagini bildirdi.
Jahongir Xo‘jamkulov.