Spiker o‘rinbosari 45 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini “Urgut” EIZ tarkibiga kiritishni taklif etdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov Jomboy tumanidagi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bilan tanishdi.
Shunday uchrashuvlardan biri tumandagi «TURBO HYGIENIC» mas’uliyati cheklangan jamiyati shakidagi qo‘shma korxonasida bo‘lib o‘tdi.
2020 yil oralig‘ida xorijiy investorlar ishtirokida ish faoliyatini boshlagan ushbu korxona bolalar tagliklari va nam salfetkalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Haitov korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida ishtirok etgan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari F.Majidovga tumandagi 45 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanishlari maqsadida “Urgut” erkin iqtisodiy zona tarkibiga kiritishni taklif qildi.
Mazkur korxonalar erkin iqtisodiy zona tarkibiga kiritilsa, soliq va boshqa imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ishlab chiqarish quvvatlari keskin oshishini hamda 4 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi axborot xizmati.