Harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga tegishli sertifikatlar topshirildi
Samarqand shahrida joylashgan Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazida O‘zLiDeP viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Tadbirkorlik sari” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.
Unda harbiy xizmatchilar hamda o‘quv kurslarida tahsil olgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazida tahsil olgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga tegishli sertifikatlar topshirildi. Sertifikat egalari tijorat banklaridan 3 yil muddatga imtiyozli shartlarda, ya’ni 14 foizli 33 million so‘mgacha kredit olishlari va o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritishlari mumkin bo‘ladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusining 5-yo‘nalishini amaliyotga tatbiq etish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikka oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu kursda tahsil oldim. Davlatimiz tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlardan samarali foydalanishni va o‘z tadbirkorlik faoliyatimni yuritishni maqsad qildim, – deydi Nodira Ergasheva.
Tadbirning badiiy qismida garnizon harbiy orkestr jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.
O‘zLiDeP viloyat kengashi matbuot xizmati.