Pashinyan o‘g‘lini arman harbiy asirlariga almashmoqchi
Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjondagi harbiy asirlarga almashtirishga tayyor. Bu haqda u tarafdorlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozadi TASS.
"Men Aliyev (Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev - tahr.)ga rasmiy ravishda aytaman: men o‘g‘limni barcha mahbuslar evaziga taklif qilaman", deya agentlik Pashinyan so‘zlarini keltiradi.
Shuningdek, u parlament saylovlaridagi raqiblari - sobiq prezidentlar Serj Sarkisyan va Robert Kocharyanlarni ham xuddi shunday qaror qabul qilishga chaqirdi.
Oldinroq Sarkisyan Pashinyanning harbiy asirlar yana bir-ikki oy kutishi zarurligi haqidagi bayonotini tanqid qilib, o‘g‘lini 20-25 harbiy asirga almashtirishni taklif qilgan edi.
O‘z navbatida, Armaniston hukumati rahbarining o‘g‘li Ashot Pashinyan «Facebook»da Armaniston askarlarini qaytarish uchun "garovga yoki boshqa biron bir shart bilan" Ozarbayjonga ketishga tayyorligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlardan so‘ng unga tutash 7 viloyat Bokuga o‘tdi va Armanistonning chegarasi endi Syunik va Gegarkunik viloyatlari yonidan o‘tadi. May oyida vaziyat mintaqada yanada keskinlashdi - Ozarbayjon qo‘poruvchilik qilish uchun chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan 6 nafar arman askarini qo‘lga olganligini ma’lum qildi. O‘shanda Armaniston tomoni askarlar muhandislik ishlari bilan shug‘ullanganini bildirgan edi.