Pastdarg‘omlik saylovchilarga onlayn o‘qish imkoniyati yaratildi
Kundalik hayotimizda axborot texnologiyalarining o‘rni, ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, pandemiya tufayli internetdan foydalanishga tumanlar va qishloqlarda ham katta ehtiyoj paydo bo‘ldi. Biroq joylarda bunday xizmatning yo‘qligi yoki sifati pastligi saylovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday e’tirozlardan biri Past Darg‘om tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi aholidan kelib tushdi. Unda mahalladagi saylovchilar Samarqand shoh ko‘chasi va Istiqlol ko‘chasida internet xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishida amaliy yordam so‘rashdi.
“Adolat” partiyasidan saylangan deputat sifatida vaziyatga jim qarab turolmadim. Mutaxassislar bilan hisoblab ko‘rdik, ko‘cha boshigacha 700 metr optik tolali kabel tortish zarur ekan. Xonadonlarga internet tarmog‘ini tortish uchun yana 3 kilometr kabel talab etilar ekan.
Bu borada sohaning viloyatdagi mutasaddilariga deputat so‘rovi uyushtirdim. Oradan ko‘p o‘tmay javob keldi. Ma’lum qilinishicha, magistral kabel masalasi muammo ekan. Shu bois, bir muddat kutishimiz so‘ralgan edi.
Rosti, qarab turmadik, homiylarni jalb qilib, magistral tarmoqdan 700 metr optik tolali kabel tortib kelindi. “O‘zbektelekom” AKning viloyat mutasaddilari, xususan, viloyatga biriktirilgan vakil Zufar Dilmanov hamda Past Darg‘om tumani filiali boshlig‘i T.Yakubovga rahmat.
Chunki saylovchilarim murojaat qilgan ikkita ko‘chaga 3 kilometr kabel tortib berishdi. Bundan tashqari, 24 routor va boshqa zarur jihozlar o‘rnatishdi. Bugun Mirzo Ulug‘bek mahallasining Samarqand shoh ko‘chasi va Istiqlol ko‘chasida yashovchi aholi internet xizmatlaridan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Feruz TURAYeV,
Xalq deputatlari Past Darg‘om tumani Kengashi deputati.