Paxtachida yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
Paxtachilik shoir va adib, filologiya fanlari nomzodi, falsafa doktori Ismat Sanayevning bugungacha tarixiy, falsafiy hamda adabiyotshunoslikka oid xulosalari, qalb tug‘yonlarini o‘z ichiga olgan qirqdan ortiq kitobi nashr etilgan. Yaqinda uning ko‘p yillik izlanishlari samarasini o‘zida jamlagan yana ikkita kitobi nashrdan chiqdi.
Ziyovuddin shaharchasida mazkur kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Paxtachi tumani hokimi M.Hamdamov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Bo‘ronov ishtirok etib, ushbu kitoblarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
- Ijodkorning “Ziyovuddin o‘g‘lonlari” nomli kitobi paxtachilik mard o‘g‘lonlarning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasoratini yorituvchi muhim asar, deyish mumkin, - dedi M.Hamdamov. - Ularning Vatan himoyasi yo‘lidagi qahramonliklari, matonati paxtachiliklar qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otsa, ulg‘ayotgan yosh avlod uchun ibrat maktabi hisoblanadi. I.Sanayevning “Mashrab” kitobi esa shubhasiz, o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shadi. Sababi unda muallifning uzoq yillik mashaqqatli ilmiy izlanishlari va adabiy xulosalari jamlangan.
Tadbirda tumandagi 11, 23-umumta’lim maktablarining kitobxon o‘quvchilari tomonidan I.Sanayev kitoblari asosida tayyorlangan badiiy sahna chiqishlari namoyish etildi.
Olim Xo‘jayev,
Izzatulla Norquvvatov.