Paxtachilik bir guruh onaxonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi

- Ushbu sayohat va ziyorat ham ko‘klam, ham xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan tashkil etilgani uchun barchamizga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ochig‘i, oramizda keyingi 15-20 yilda Samarqand shahriga kelmagan xotin-qizlar bor. Axir oraliq salkam 200 kilometr-da. Shuncha olisdan bu ko‘hna, ammo go‘zal shaharga olib kelib, bizga zavq-shavq ulashgan tashkilotchilarga ming rahmat.

Bu Paxtachi tumanining olis Chashma mahallasida yashovchi onaxon Musallam Ro‘ziyevaning dil so‘zi.

Gap shundaki, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Erkin Nurboyev tumandagi Chashma va Qarnabota mahallalarida yashovchi 30 nafarga yaqin onaxon va xotin-qizlar uchun Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga sayohat tashkil qildi. Ular Amir Temur va Bibixonim maqbaralari, Registon maydoni, Hazrati Xizr majmuasini ziyorat qildi hamda Ulug‘bek observatoriyasi va Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlog‘ini tomosha qildi.

Shuningdek, Samarqandda sayyohlik mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan “Samarqand – turizm markazi” shiori ostida madaniy-ko‘ngilochar tadbirida ishtirok etib, zavq olishdi.