Payariqlik shaxs Buxorodagi masjid ehson qutilaridan pul o‘g‘irladi
- 07.10.2020 11:50
- 445
- Jinoyat va jazo
Joriy yilning 28 sentyabr kunidan 29 sentyabr kuniga o‘tar kechasi, Buxoroning Romitan tumani Sarbiston qishlog‘idagi “Xo‘ja Ali Romitaniy” masjidiga noma’lum shaxs g‘ayriqonuniy ravishda kirib, u yerda bo‘lgan 3 dona ehson qutilarini buzib ochib, ichidagi pullarni o‘g‘irlab voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Romitan tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor-tergov harakatlari olib borildi.
Tezkor-surishtiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Samarqand viloyati, Payariq tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan O.A. sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi kunda O.A. ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.