Pochta xizmati tezkormi?: To‘rt kun deyishdi, lekin o‘n kun kutdim
Yaqinda pochtadan qo‘ng‘iroq qilib, mening nomimga pochta kelganini, olib ketishimni aytishdi. Birozdan so‘ng aytilgan manzilga bordim.
Qo‘ng‘iroq qilsam, manzildan biroz o‘tibsiz orqaga qayting, dedi. Orqaga qaytib pochtachiga qayta aloqaga chiqsam, «Mening ish vaqtim tugadi, ishxonadan ketdim, endi boshqa kuni kelasiz», deb qoldi. Kech qolibmanmi deb soatga qarasam, soat 16:00. Ish vaqti hali tugamaganini eslatdim. «Sovuq xonada ertalabdan bir o‘zim o‘tiribman, men ketdim, endi qaytmayman», dedi.
To‘g‘ri, o‘sha kunlari havo sovuq edi, pochta xizmatchisini tushunaman. Lekin meni hayron qoldirgani, mijozni u yoqdan bu yoqqa boring, deb sarson qilish u ayolga nega kerak bo‘ldi?
Ketar ekan, mijozni sovuqda chaqirib nima qiladi? Oradan uch kun o‘tgach, pochtadan yana qo‘ng‘iroq qilib pochtamni olib ketishimni tayinladi. Harqalay ikkinchi safar jo‘natmani olish nasib qildi. Ya’ni 10 kun deganda pochta yetib keldi. Lekin pochtaning yetkazib berish xizmatidan ko‘nglim to‘lmadi. Qo‘shni viloyatga jo‘natma yuborganimda ham 10 -14 kunda yetib borgandi. Umuman,
bugun pochta xizmati orqali xat va jo‘natmalarni jo‘natishda aholiga qanday qulayliklar bor? Shu haqda bilish uchun pochtaga bordim.
- Samarqand shahrida 23 ta aloqa bo‘limi faoliyat olib bormoqda, - deydi «O‘zbekiston pochtasi» viloyat bo‘limi xat, banderol bo‘yicha nazoratchi operator Lola Hasanova. - Dunyo bo‘yicha 58 ta davlatga xat, jo‘natmalar yuborish imkoni bor. Bugungi davr talabiga ko‘ra, hozirda pochtani shtrix kodi orqali yuboruvchi ham, oluvchi ham onlayn kuzatib tursa bo‘ladi. Mazkur xizmat UZPOST platformasi orqali amalga oshiriladi. Xatning necha kunda yetib borishi hech qayerda ko‘rsatilmagan, muddat belgilanmagan. Pochta viloyatlarga 3- 4 kunda yetib boradi, chet davlatga yuborishda bir oy muddat, deymiz. Ammo 12 -15 kunda ham yetib borgan paytlar bo‘ladi.
Oddiy xatni yuboruvchi pochta qutisiga tashlab ketishdan oldin 1900 so‘mga marka sotib olib, yopishtirishi kerak, marka bo‘lmasa, xatlar jo‘natilmaydi. Shuningdek, xatlarni oddiy va buyurtma shaklida ham jo‘natish mumkin bo‘lib, barchasiniing o‘z narx-navosi bor.
Jo‘natmalar ham qaysi davlatga yuborilishiga qarab narxlanadi. Misol uchun, Rossiya davlatiga poyezd orqali jo‘natma yuborish uchun bir kilogramiga 125 ming so‘m to‘lansa, 10 kilogramm jo‘natma narxi 818 ming so‘m bo‘ladi. Agar mijoz aviajo‘natma yuboraman desa, 10 kilogrami 951 ming so‘m bo‘ladi. Jo‘natmani uyga yetkazib berish xizmati ham mavjud. Pochtalarni saqlash muddati bir oy.
Hozirda yurtimizda hususiy pochtalar ham faoliyat olib bormoqda. Xo‘sh, xususiy pochtalarda bu masalada qanday farqli jihatlar bor?
«Express mail universial» pochta xizmati 2016 yilda ochilgan, - deydi mazkur korxona vakili Farruxjon Odinayev. - Samarqand viloyatida ikkita pochtamiz bor, yana qo‘shimcha ofis ochmoqchimiz. O‘zbekiston viloyatlari bo‘yicha bir kilogramm pochta 20 ming so‘m bo‘lib, har bir kilogramm uchun 5000 so‘mdan qo‘shib borilaveradi. Yaqin qo‘shni viloyatlarga pochta yuborishsa, bir kunda ham yetkazib beramiz. Masalan, Samarqanddan Toshkentga bugun yuborilsa, ertaga yetib boradi. Vodiyga ikki kunda yetkaziladi. Pochta ofisda 10 kun saql
nadi, agar qabul qilib oluvchiga bog‘lana olmasak, 10 kundan keyin yuboruvchiga qaytariladi.
Qulaylik tomonlari tezkor, mijoz uyidan chiqmay turib ham jo‘natma yuborsa bo‘ladi. Oluvchining uyigacha yetkazib beramiz. Mijoz uyida turib, pochtasi qaysi kurerning qo‘lida ekanligini kuzatib tursa bo‘ladi, bu uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilinmaydi. Jo‘natmalar yuborish hamda qabul qilish yuzasidan 165 davlat bilan shartnoma qilganmiz.
Ikkala pochtaga borib, davlat pochtasi orqali xat jo‘natuvchilar, xususiy pochtadan esa jo‘natma yuborish uchun mijozlar ko‘proq ekaniga guvoh bo‘ldim. Jo‘natmalarda tezkorlikka urg‘u berayotganlar soni ko‘proq. Ko‘rinib turibdiki, bugun tezkorlik mijozlar uchun birinchi shartlardan biri. Har bir xizmat ko‘rsatuvchi avvalo, shu haqda o‘ylab ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi.
Munisa ShAMSIYeVA.