Prezident Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi

Ayni paytda davom etayotgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatda bo‘lib o‘tgan voqealarga to‘xtaldi:

"So‘nggi kunlarda biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo‘shni bo‘lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog‘lab turadi. Kelajagimiz ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Shu kunlarda men Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. O‘zbekiston xalqi nomidan butun Qozog‘iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlash borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdim.

Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog‘ayib ketishiga tilakdoshman.

Yaratganga shukrki, qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o‘z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

O‘z o‘tmishida ko‘plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og‘ir kunlarni ham tez orada mardona yengib o‘tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo‘lishiga ishonaman", dedi davlatimiz rahbari.