Qabristonni qachon tozalaysiz?
O‘tganlarni eslab turish, qabrini ziyorat qilib, ozoda tutish, haqlariga duo qilish xalqimizga xos qadriyatlardan sanaladi.
Oqdaryo tumanida ham bu borada xayrli ishlar amalga oshirilyapti. Biroq hamma joyda birdek holat kuzatilyapti, deb bo‘lmaydi.
- Boshqarmamizda 52 nafar ishchi ishlaydi, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i N.Hasanov. - Tumanimiz bo‘yicha qariyb 81 ming kvadrat metr supurib tozalanadigan maydon bor. Xodimlarimiz bu maydonlarni to‘liq obodonlashtirishga jismonan ulgurolmaydi. Shuning uchun tuman hokimligi tashabbusi bilan hududlarni obodonlashtirish ishlariga 34 mahalladagi ishsiz yoshlarni mavsumiy ishlarga jalb etishni rejalashtirganmiz. Mahallalarda tuzilayotgan bu yoshlar brigadasiga boshqarmamiz xodimlarini yetakchi sifatida biriktiramiz. Ular brigadalarda bajarilgan yumushlarni doimiy nazorat qilib boradi. Mavsumiy ishchilarning oylik maoshi tuman bandlik bo‘limi tomonidan, tuman byudjeti hisobidan oyma-oy to‘lab boriladi. Shuningdek, tumanimizda 116 ta qabriston majud bo‘lib, ularda 98 nafar qorovul hamda 8 nafar nazoratchi tayinlangan. Qabristonlar atrofini devor bilan o‘rash, hududni obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda.
Yangiravot-1 mahallasidagi "Doumsaid" qabristoni hududi 4 gektar. Bu yerda obodonlashtirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilgan. Gulxonalar tashkil qilinib, shinam ayvon, tahoratxona va qorovulxona bunyod etilgan.
Uchtepa mahallasi hududidagi "Tepaqo‘rg‘on" qabristonida esa buning aksini ko‘rish mumkin. Garchi o‘tgan yili qabriston atrofi devor bilan o‘ralib, kirish qismiga darvoza o‘rnatilgan bo‘lsa-da, hududi va atrofi yaqin vaqt ichida begona o‘tlardan tozalanmagan. Ziyoratga kelganlar uchun qulay sharoit yaratilmagan.
Baxtiyor MUSTANOV.