Qabrtosh obro‘ keltiradimi?

Bilaman, bu haqda ko‘p gapirilgan va yozilgan. Harqalay, ozroq bo‘lsa-da, natijaga ham erishildi. «Dafn va dafn marosimi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qabristonlarga qorovul shtati berilgach va atrofini devor qilib o‘rab olishga mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilgach, bu yerda ancha-muncha o‘zgarish bo‘ldi.

Biroq hali qabrlarga tosh o‘rnatishda milliy mentalitetga mos keladigan jarayonga erishmadik. To‘g‘ri, Samarqand shahridagi qabristonlarda tosh qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi talablari ilib qo‘yilgan, ammo obodonchilik boshqarmalari tomonidan yakka tadbirkor bo‘lgan tosh yo‘nuvchilar faoliyati yetarli darajada nazorat qilinmaydi. Shu sababli ayrim hollarda qabrlarga belgilangan me’yordan katta toshlar qo‘yilishi kuzatilmoqda.

Olimlarning aniqlashicha, Samarqand shahridagi “Chokardiza” qabristoniga 4 ming nafarga yaqin shayxlar, shayxsifat insonlar dafn etilgan. Lekin birortasiga katta qabrtosh o‘rnatilmagan, hammasining qabri ustiga kimga tegishliligini bildirish uchun qayroq tosh qo‘yilgan. Qayroqqa esa ism-sharifi va ibratli so‘zi yozilgan. Turli davralarda viloyat bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulovning shu mavzudagi suhbat va izohlarini eshitganmiz. U kishining aytishicha, Islom dinida qabrlarga marmar tosh qo‘yish, toshga Qur’on suralarini yozish man etilgan, uni loy bilan suvash esa makruh emas. Binobarin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’atida ham «Qabrga dafn etilgan kishiga belgi bo‘ladigan miqdorda yozish joiz, lekin undan ortiq yozish joiz emas», deyilgan ekan.

Yaxshi ma’lumki, qabrlarga tosh va temirlar o‘rnatish Rusiya imperiyasi istilosi davrida bizda ham udumga aylandi. Ming afsuski, biz udumda xristianlardan o‘tkazib yubordik. Qabristonlardagi marmarlarni ko‘rgan kishi bu gapni inkor eta olmaydi. Boshqa musulmon davlatlaridagi qabristonlarda o‘rnatilgan qat’iy tartib-qoidalar ham ko‘zimizni ochmayapti. Hatto o‘zimizning allomamiz Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq hazratlarining “Ko‘kcha” qabristonidagi somon loy bilan suvalgan oddiy qabri ham bizga ibrat bo‘lmayapti.

Xizmat yuzasidan oilalarda ko‘p voqealarga guvoh bo‘ldim. Tirikligida keksa ota-onasini borib ko‘rishga, duosini olishga hafsala, e’tibor topmagan ayrim farzandlar ular olamdan o‘tgandan keyin ko‘pchilikka maqtanish uchungina ular qabriga qimmatbaho toshlar qo‘yadi, restoranga tumonat odam chaqirib, iftorlik qiladi. Umuman, menimcha qabristonlardagi qimmatbaho, tag‘in suratli va ulkan qabrtoshlar uni qo‘ygan odamning shuhratparastligidan boshqa narsa emas. Ayrimlari marmardan qabr ustiga ayvonlar qurdirgan. Mabodo e’tiroz bildirgudek bo‘lsangiz, ular «Nafsoniyatimga tegmang, ota-onamga hurmatim bu», deb iddao qilishadi. O‘zlari shu harakatlari bilan milliy qadriyatimiz nafsoniyatiga tegayotganini bilishni istashmaydi.

Keling, oqilona o‘ylab ko‘rib, xulosa chiqaraylik. Agar mana shu ishlar muqaddas dinimizda man qilingan bo‘lsa, bizga o‘xshagan davlatlarda yo‘q bo‘lsa, bundan tashqari, turmush tarzimizga mos tushmasa, qimmatbaho va hashamdor qabrtosh qo‘yish shuhratparastlik emasmi?

Bilaman, bu juda nozik masala. Shuning uchun tegishli qonun va tartib-qoidalarga amal qilishni talab etish barobarida odamlar o‘rtasida mazkur masalada ma’rifiy ishlarni muntazam yo‘lga qo‘yish kerak, deb hisoblayman. Chunki bir paytlar qo‘yilgan hashamatli qabrtoshlar haligacha boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning barobarida qabrtosh yasayotgan tadbirkorlar mas’uliyatini ham oshirish zarur.

O‘tganlarni yo‘qlash, ruhini shod etish hammamiz uchun ham farz, ham qarz. Biroq bu ish oila davrasida, suhbatlarda ularning yaxshi fazilat va ishlarini eslash orqali ular haqiga duo qilib amalga oshirilishi kerak. Hashamatli, qimmatbaho qabrtoshlar esa marhumlar ruhini shod qilmaydi, shuhrat ham keltirmaydi.

Suhrob Xo‘jayev,

Samarqand shahridagi Yuqori Qaynama mahallasi raisi.