«Qishlog‘imizga do‘xtir keldi»

Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat tibbiyot institutining targ‘ibot guruhlari viloyatning shahar va tumanlarida bo‘lib, aholi o‘rtasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish mavzularida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari, tibbiyotchi, o‘qituvchi hamda imom-xatiblar bilan birga institutning tumanlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun safarbar etilgan magistr va klinik ordinatorlari ishtirok etgan tadbirlarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan, qon bosimining oshishi, miokard infarkti, insult, qandli diabet kasalliklari va onkologik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha mutaxassislar o‘z tavsiyalarini berishdi.

Shuningdek, shifokorlar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi va salomatligini tiklashda muammoga uchrayotgan fuqarolarga institutning 1-klinik shifoxonasida davolanishlari uchun yo‘llanma berdi.

Tuman tibbiyot birlashmalariga safarbar etilgan magistr va klinik ordinatorlar esa joriy yilning 31 mayiga qadar amaliyotini o‘tash bilan birga aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan ham mashg‘ul bo‘ladi.

Yaxshinor ALLAYOROV,

Samarqand davlat meditsina instituti dotsenti.