Samarqandda O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining II forumi bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand davlat tibbiyot universitetida O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining II forumi o‘z ishini boshladi.

Forumda respublikadagi 9 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridan 100 dan ortiq talaba ishtirok etdi.

- Forumdan maqsad tibbiyotning fundamental va amaliy fanlari bo‘yicha talabalarning bilim darajasini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarini jahon va milliy tibbiyot merosiga jalb qilishdir, - dedi SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev. - An’anaga aylanib borayotgan mazkur forum tibbiyot oliygohlari talabalari o‘rtasida do‘stlik va birdamlik, o‘zaro hamkorlik, sohaga muhabbat, kasbga sadoqatni yanada kuchaytiradi.

Forum doirasida milliy liboslar ko‘rgazmasi, talabalar hayoti to‘g‘risida videorolik, talabalar loyihalari tanlovi jamoaviy, startap loyiha, ilmiy innovatsion loyihalar, “Zakovat” intellektual o‘yini va sport musobaqalaridan badminton, stol tennisi hamda voleybol kabi musobaqalar tashkil qilindi.

Ertaga, forumning ikkinchi kunida sohaning yetakchi mutaxassislaridan ma’ruzalar tinglanadi. Unda respublikamizning tibbiyot oliygohlari – Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Yevropa tibbiyot universiteti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali va Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoalari ishtirok etadi.