Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida chet tilini bilgan talabalar stipendiyasiga ustama qo‘shiladi
"Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori imzolandi.
Unga muvofiq:
Tibbiyot kollejlari negizida 47 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etiladi.
Vrachlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga qabul parametrlari 50 foizgacha oshiriladi.
Bakalavriat va magistratura o‘quv-rejalaridagi mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar 2 barobarga qisqartiriladi va o‘rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish fanlari kiritiladi.
Tibbiyot OTMlarining davolash ishlari prorektorlari bir vaqtning o‘zida ushbu ta’lim muassasasi klinikalarining bosh shifokorlari sifatida faoliyat yuritadi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
— chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan tibbiyot OTM talabalari stipendiyasiga qo‘shimcha ravishda 428 ming so‘m miqdorida ustama to‘lanadi;
— xalqaro reytinglarda tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha Top-200 talikka kirgan OTMlarning klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga qo‘shimcha 4,7 million so‘m har oylik ustama to‘lanadi;
— falsafa doktori yoki fan doktori ilmiy darajasini olgan xodimlarga davlat tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha 10 million so‘m har oylik ustama to‘lanadi.
2021 yil 1 yanvarga qadar N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalari tashkil etiladi.