Senator talabalar uchun maxsus stipendiya ta’sis etdi
O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov tomonidan “Senator stipendiyasi” ta’sis etildi. Toshkent davlat yuridik universiteti 1-bosqich talabasi Madina Yunusova “Senator stipendiyasi”ning ilk sohibasi bo‘ldi. Bugun unga 2020-2021 o‘quv yilida maxsus stipendiya olish huquqini beradigan sertifikat topshirildi.
— Konfutsiyning shunday hikmati bor: “Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, o‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ko‘kartir, asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, ilm, bilim ek”, — deydi M.Rahmatov. — Shu ma’noda, islohotlarning yangi bosqichida yoshlarni bilimli qilish, ularga ilm o‘rgatish payidan bo‘linayotgani quvonarlidir. Yoshlar bamisoli nihol. Shunday ekan, ularni yaxshi ta’lim-tarbiya berib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘nalishtirishga barchamiz mas’ulmiz. Umid qilamizki, biz ta’sis qilgan stipendiya yoshlar qalbida bilimga muhabbat uyg‘otib, katta hayot ostonasidagi izlanuvchan va intiluvchan yoshlarga kichik ko‘mak va rag‘bat bo‘ladi.