9 nafar nogiron talabaning 13 milliondan ortiq to‘lanmagan stipendiyasi undirib berildi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi “Ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya to‘lanishi belgilangan.
Ammo viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining ayrimlarida mazkur talab ijrosiga panja orqasidan qaralayotgan holatlar mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda.
Xususan, yuqoridagi qaror asosida belgilangan Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan Oqdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida o‘rganish o‘tkazilganda 9 nafar I va II guruh nogironi bo‘lgan talabalarga jami 13 million 982 ming 760 so‘m stipendiya to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat adliya boshqarmasi Zarnews.uz’ga xabar bermoqda.
Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali Agrokimyo va agro tuproqshunoslik ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabasiga II guruh nogironi bo‘lsa-da, unga 2021 yil cyentyabr oyidan 2022 yil mart oyigacha stipendiyaning bazaviy miqdorida, ya’ni 517 ming 880 so‘mdan stipendiya to‘lanib, ushbu oylar uchun stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda qayta hisoblanganda jami 1 million 553 ming 640 so‘m stipendiya puli to‘lab berilmagan.
Shuningdek, II guruh nogironi bo‘lgan Logistika ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabasiga ham 2021 yil sentyabr oyidan 2022 yil mart oyigacha stipendiyaning bazaviy miqdorida, ya’ni 517 ming 880 so‘mdan stipendiya to‘lanib, ushbu oylar uchun stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda qayta hisoblanganda jami 1 million 553 ming 640 so‘m stipendiya puli to‘lanmagan.
Afsuski, bunday holatlar filial mas’ullari tomonidan I-II guruh nogironi bo‘lgan boshqa talabalar bilan ham takrorlangan. Oqdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan aniqlangan holatlar va qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari hamda bunga olib keluvchi omillarni bartaraf etish to‘g‘risida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori nomiga taqdimnoma kiritilgan.
Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 9 nafar talabaga 7 oy mobaynida to‘lanmay kelingan 13 million so‘mdan ortiq stipendiya to‘lab berilishi ta’minlangan.