Qo‘shrabotda navbatdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining shifokor-mutaxassislari tomonidan Qo‘shrabot tumani markazidan ancha olisda joylashgan Jo‘sh mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qishloqlarda yashovchi 25 mingdan ziyod aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Bugunga qadar ko‘rikdan o‘tgan Qo‘rg‘on, Tepalik, Chinoq va Qo‘shtamg‘ali qishloqlarida yashovchi 3400 ga yaqin fuqarolarning 760 nafarida turli kasalliklar aniqlanib, ularga tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.

Tibbiy ko‘rik natijasida xirurgik kasalliklar aniqlangan 10 nafar bolalarda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi yetakchi mutaxassislari tomonidan Qo‘shrabot tuman markaziy shifoxonasida jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli bajarildi.

- Qo‘shtamg‘alidagi tibbiy ko‘riklar natijasida 760 dan ziyod fuqaroda turli kasalliklar aniqlandi, - deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Ja’far Qurbonov.- Ular orasidan 10 nafar og‘ir ahvoldagi yosh bolalarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdik. Hozirda bemorlarning salomatligi yaxshi, tez kunlarda o‘z oilasi bag‘riga qaytadi.     

Ayni paytda shifokorlar tomonidan hududdagi Yangiqishloq, Oqmachit, Toz, Urganji va Jo‘sh qishloqlarida tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.

Dilmurod TO‘XTAYeV.