Qo‘shrabotda tadbirkorlar bankdan kredit ololmayapti(mi?)

Bugungi kungacha jami 125 ta tadbirkorlarning murojaatlari ro‘yxatga olingan. Murojaatlarning 22 tasi sayyor qabullarda, 93 tasi tadbirkorlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 3 tasi ishonch telefoni hamda 7 tasi business.gov.uz sayti orqali kelib tushgan.

Tahlilarga ko‘ra, murojaatlarning 96 tasida tuman, 20 tasida viloyat, 9 tasida esa respublika darajasidagi muammolar bo‘yicha amaliy yordam so‘ralgan.

Murojaatlardan 123 tasi (98,4 foiz) hal etilishiga erishildi.

Misol uchun, Zarkent mahallasidagi "CHARMITAN PLUS ZARMITAN" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Milliy bank” viloyat filialiga 600 million so‘m miqdorida kredit olish maqsadida barcha hujjatlarini topshirganligiga qaramay, iyun oyidan buyon sarson bo‘layotganligidan norozi bo‘lgan. Masala batafsil o‘rganilib, tadbirkorga kredit mablag‘i ajratib berildi.

Qayd qilingan mahallada yashovchi Dilrabo Sayfullayeva va Maxsuda Qoraqulova qandolatchilik faoliyatini amalga oshirish uchun kredit olish maqsadida to‘liq hujjatlarini “Agrobank”ning Qo‘shrabot filialiga topshirgan. Bankning kafolat xatiga asosan ta’minotchi tomonidan qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi pech berilgan. Ammo kredit mablag‘lari ajratib berilavermagach, ikkala tadbirkor va ta’minotchi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Murojaatga asosan ta’minotchi korxonaga kredit mablag‘i o‘tkazib berilishi ta’minlandi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, tadbirkorlar murojaatlarining aksariyat qismi bank krediti bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida ro‘yxatga olingan murojaatlardan aynan 53 tasi shu masalada, 13 ta murojaat esa yer, kadastr, arxitektura va qurilish hamda 59 tasi boshqa masalalarda amaliy yordam so‘ralgan.

U.BOYMONOV,

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Qo‘shrabot tumani qabulxonasi mudiri.