Qo‘shrabotdagi tug‘ruqxonada sog‘lom chaqaloqlar dunyoga keladi
Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonaning tug‘ruq bo‘limi binosi kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi.
Oltmish o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy tug‘ruqxonaning ochilish marosimida tuman hokimi H.Oqbo‘tayev va boshqalar yurtimizda, xususan, chekka va tog‘li tumanlarda istiqomat qiluvchi aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, homilador ayollar va bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor yanada kuchaytirilayotganligiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
So‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan ushbu majmuada nafaqat homilador ayollar uchun, balki, shifokorlarning dam olishlari uchun ham xonalar bor. Shuningdek, ayollarni onalikka tayyorlash, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda kutilmagan homiladorlikni oldini olish borasida suhbatlar o‘tkazish uchun ham targ‘ibot xonalar ajratilgan.
- Yangi, barcha qulayliklarga ega tug‘ruqxonaning ta’mirlanib foydalanishga topshirilishi tumanimiz ahliga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibor namunasi bo‘ldi, -deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Bahrom Egamberdiyev. - Tug‘ruqxona devorlari nurab, tomidan chakka o‘tar, qolaversa, bemorlarga krovat va tibbiy jihozlar ham eskirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Ayollarga tibbiy xizmat ko‘rsatish talab darajasida bo‘lmaganidan ular qo‘shni tumanlarga, Samarqand shahridagi shifoxonalarga borishga majbur bo‘lishardi. Endi bunday sarsongarchiliklarga chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan tug‘ruqxonamiz tumanimiz ahlining sog‘lom va baquvvat farzandlarini dunyoga kelishiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida soha faxriy va fidoyilari uchun yozilgan dasturxonga bahor taomi - halisa tarqatilib, hurmat ko‘rsatildi.
O‘lmas SAYDINOV.