Past Darg‘omdagi markaziy shifoxona qachon ta’mirlanadi?

Past Darg‘om tumani tibbiyot birlashmasi 520 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 2500 nafardan ortiq xodim ishlaydi.

- Birlashmaga qarashli 24 ta qish­loq vrachlik punkti, yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda markaziy shifoxona ta’mirga muhtoj, - deydi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bahrom Sultonov. – Masalan, tumandagi markaziy shifoxona 10 yildan buyon ta’mirlanmagan. Shu bois kanalizatsiya quvurlari yorilib, suv sizib chiqishi oqibatida shifoxonaning yerto‘la qismi zaxlab ketgan. Shuningdek, yerto‘lada elektr simlari ochilib, nosoz holatga kelib qolgan.

Tumanda 2013 yil foydalanishga topshirilgan 40 o‘ringa mo‘ljallangan yuqumli kasalliklar shifoxonasining tashqi qismi va qozonxonasi ham ta’mirga muhtoj.

- Binoning fasadi ta’mirlanmaganiga ikki yildan oshdi, - deydi yuqumli kasalliklar shifoxonasi bo‘limi boshlig‘i Ahror Suyunov. – Shu tufayli devor yuzasi qo‘porilib tushmoqda. Qor-yomg‘irli kunlarda qozonxona devorlariga shikast yetib, ichkariga suv to‘planmoqda va isitish tizimida muammolar kuzatilyapti.

Past Darg‘om tumani yangi qiyofaga kirayotgani yaxshi. Bu jarayonda markaziy shifoxonaga ham e’tibor qaratilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.