Pastdarg‘omlik fermerlar nega bayramni nishonlamadi?

Dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi yurtimizda qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligida katta ulushga ega Past Darg‘om tumanidagi fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ham har yili bu kunni katta tantana qilishardi. Ammo ular bu yil bayram munosabati bilan dasturxon tuzab sanani nishonlamadi.

Gap shartnoma rejalarining bajarilish yoki bajarilmasligida emas. Sohaning barcha tarmoqlaridan kutilganidan mo‘l hosil yetishtirildi, daromad o‘tgan yilgidan ko‘p bo‘ldi. G‘allachilik va paxtachilikda ham avvalgi yillardan ko‘ra yuqori hosildorlikka erishildi.

Gap shundaki, pastdarg‘omlik fermerlar va qishloq xo‘jaligi xodimlari bayram dasturxoniga ketadigan 250 million so‘m mablag‘ni tumandagi 103 nafar yetim bola tarbiyalanayotgan 70 oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va bolalar uchun qishki kiyim-bosh olib berishga sarflashga qaror qildi.

Tuman hokimligi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Albatta, qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnati e’tirof etilib, yil sarhisob qilindi, ilg‘orlarga minnatdorlik bildirildi, tashakkurnoma berildi.

– Qaramog‘imda 5 nafar yetim bola bor, ularga ta’lim-tarbiya beryapman, – deydi Yangiobod mahallasida yashovchi Mehriniso Mallayeva. – Tumanimiz fermerlari ana shu bolalar uchun kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari keltirib berishdi. Ilohim, baraka topishsin! Ulardan ham, tuman hokimligidan ham minnatdorman. Kuni kecha Konstitutsiya bayramida tuman hokimligiga chaqirib, yetim bolalar boshini silayotgan men kabi ayollarga davlatimiz rahbari imzosi qo‘yilgan esdalik nishoni berishdi. Bu e’tibordan ham boshimiz ko‘kka yetdi.