Zarafshonbot’ga murojaat: “Qurilganiga 8 oy bo‘lgan bog‘chamiz faqat jihozlar yetmagani uchun hamon ishga tushmayapti, yordam so‘rab yozgan xatlarimiz natija bermadi”
Past Darg‘om tumanidagi Yangi qishloq mahallasida yashovchi Bahodir Xidirov tahririyatimizga murojaat qildi:
“O‘qituvchiman. Ta’lim sohasini yaxshi tushunganim, maktabgacha ta’lim muassasasiga o‘zimizda ehtiyojga katta bo‘lganini bilganim uchun mahallamizda o‘z hisobimdan 100 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurdim.
Asosiy qurilish ishlarini tugatganimga ham sakkiz oy bo‘ldi. Lekin obodonlashtirish, jihoz olish uchun mablag‘ yetmay qoldi.
Aslida bog‘chalar yetishmasligi bir mening mahallamda emas, mamlakat bo‘yicha anchadan buyon bor muammo. Shuning uchun ham davlat-sheriklik, xususiy bog‘chalar qurilishi har doim davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelingan. Har holda bu haqda yuz martalab aytilgan, imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha tegishli qoidalar ishlab chiqilgan.
Lekin amalda o‘zim, o‘z hisobimdan bog‘cha qurib, yetmay qolgan qismiga kredit olish uchun “yugur-yugur”larni boshlaganimga ham roppa-rosa sakkiz oy bo‘ldi. Tumandagi mutasaddi tashkilotlardan tortib, viloyat MTM boshqarmasiga ham erinmay qatnadim. Lekin qani endi muammo hal bo‘la qolsa.
Mahallamizda bolalar 7-8 kilometr masofaga bog‘chaga qatnashadi. Buni viloyat va respublikadagi soha vakillari ham yaxshi biladi. Har holda ozmuncha murojaat qilmadim. Hayronman, sohani rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz boshlagan islohotlar bizning hududga kelganda to‘xtab qolgandek. Xolbuki, men bog‘cha qurilish uchun o‘zim sarflagan mablag‘ning faqat to‘rtdan bir qismini so‘rayapman.
Mahallamiz bolalarini maktabgacha ta’limdan mosuvo qilmaylik. Boshlab qo‘ygan ezgu ishimiz oxiriga yetsin. Buning uchun mutasaddilardan ozgina e’tibor kerak. MTV bilan kreditli bitim va imtiyozli kredit ajratilsa, deyarli yakuniga yetgan, ammo 8 oydan buyon to‘xtab turgan ishimiz oxiriga yetgan bo‘lardi. Bu masalada bizga yordam bera oladigan mard tashkilot bormi?".
Tahririyatdan: Bizga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur murojaat yuborilgan, Past Darg‘om tumani Yangi qishloq mahallasida rostdan ham bolalar bog‘chasi umuman mavjud emas. Maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalar esa 300 ga yaqin. Demak, tadbirkorning murojaati bekorga emas. Agar Bahodir Xidirov boshlagan loyiha oxiriga yetib, qo‘llab-quvvatlansa ham yana 200 ga yaqin bolaga maktabgacha tarbiya uchun ehtiyoj bor.
Shunday ekan, hech bo‘lmaganda fuqarolarning o‘zi boshlagan, kattagina mablag‘ sarflagan loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Mutasaddilar holatni o‘rganib o‘z munosabatini bildirishi, muammo yosh avlod foydasiga hal bo‘lishidan umid qilamiz.