Sud qarorlari ham, mas’ul idoralar xulosalari ham qonunchilik talabi asosida, ammo muammo hal bo‘lmayapti
O‘zim huquqshunosman. Faoliyatim taqozosi bilan fuqarolar huquqini himoya qilish bo‘yicha ko‘pgina sud va qonunchilik bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etaman. Lekin ish yurituvimdagi mana bu voqea, aniqrog‘i, unga munosabat sababini hatto to‘plagan tajribam orqali ham tushuna olmayapman. Shu bois uni sizlar bilan baham ko‘rishni istadim.
Past Darg‘om tumanidagi Balxiyon mahallasida yashayotgan Risolat Xudoyberdiyeva menga 2018 yilda mahalladoshlarining uning xonadoni darvozasi qarshisida noqonuniy imorat solgani, oqibatda uyga kirib-chiqish, xonadoniga biror yuk olib kirmoqchi bo‘lsa, qiynalayotgani hamda bu holatni ijobiy hal etishda ko‘mak so‘raganida ish tezda hal bo‘ladi, yo qonun asosida, yo mahalladoshchilik, elchilik odatlarimizga ko‘ra o‘z yechimini topadi, deb o‘ylagandim. Afsuski, mana, salkam besh yildirki, masala yo‘g‘on ichakdek cho‘zilib kelmoqda. Nima uchun, dersiz. Keling, holatni bilib olish uchun ayrim hujjatlarga murojaat qilaylik.
R.Xudoyberdiyevaning yashab turgan uy-joyiga nisbatan egalik va kadastr hujjatlari bor, bu haqda tuman hokimining qarori qabul qilingan. 2016 yilda shu mahallada yashovchi fuqaro A.Narziyev R.Xudoyberdiyevaning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid ravishda ko‘cha darvozasi va hovlisiga kirish-chiqish yo‘lini berkitib, mavjud daraxtlarini kesib, oqar suv arig‘ini ko‘mib, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari qilgan.
Garchi qurilish noqonuniy deb topilsa-da, u bu ishlarini uch marta amalga oshirgan. Masalan, A.Narziyevning 2009 yilda 2 sotix yer maydoniga qurgan savdo do‘koni viloyat ishchi guruhi tomonidan “noqonuniy qurilish” deb topilib, buzdirilgan.
Uning ushbu hududda qurgan ikkinchi qurilishi tuman hokimining fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumanlararo sudiga kiritgan da’vo arizasiga ko‘ra 2016 yil 14 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan “noqonuniy qurilgan bino” deb topilib, buzdirilishi belgilangan.
A.Narziyev ushbu qurilishni batamom buzib tashlamasdan shu yilda uchinchi noqonuniy qurilishini boshlab yuboradi va R.Xudoyberdiyevaning topografik planida ko‘rsatilgan yo‘l, ariq usti va ko‘cha darvozasini berkitib qo‘ygan holat va devoriga taqagan holda tuman hokimining qurilish uchun qarorini olmasdan va qurilish maydoni chegaralarini aniqlatmasdan turib savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurib boshlaydi.
Qo‘limizda ushbu qurilishlarning noqonuniy ekanligini isbotlovchi dalillar bor. Jumladan, viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri A.Narziyevga asossiz ravishda 0,04 gektar yer maydoni biriktirib berilganligi va ushbu qaror bekor qilinishi to‘g‘risida tuman hokimiga taqdimnoma kiritilgan xat, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Past Darg‘om tumani filialining R.Xudoyberdiyevaga tegishli bo‘lgan uy-joyning topografik planida ko‘rsatilgan yo‘l va ariq ustidan uy-joyning devoriga taqalgan holda qurilish qilinganligi va ko‘chmas mulk kadastri tuman filialidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi haqidagi xat, tuman bosh arxitektori N.Rahimovning A.Narziyevda ushbu qurilishlarni amalga oshirish uchun qo‘lida qarori mavjud emasligi haqidagi ma’lumoti. Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining A.Narziyev tomonidan qurilgan ikkinchi qurilishga ruxsat berilmaganligi, u o‘zboshimchalik bilan qurilganligi, buzdirilishi zarurligi haqidagi qarori, mutaxassislarning ekspertiza hujjatlari va qurilish qilish uchun texnik shartlarda texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalaridan turar joy uylari va jamoat binolari devorigacha bo‘lgan masofa 15 metrdan kam bo‘lmasligi haqidagi xulosalari bor. Eng muhimi, Bosh prokuraturaning (2019 yil 5 sentyabrdagi 14/-732-19-2564-sonli xati) tuman hokimligi tomonidan A.Narziyevga mazkur qurilishlarni to‘xtatish va yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi ogohlantirishi va bu haqda hokimlik sudga da’vo ariza kiritishi lozimligi bildirilib, A.Narziyevning qurilishi “noqonuniy” ekanligi asoslantirilgan.
Ushbu hujjatlar va sud qarorlarini ilova qilgan holda Past Darg‘om tumani hokimligiga bir necha bor murojaat qildik. Murojaatlarimiz ijobiy hal etilmagach, Qurilish vaziriga xat yo‘lladik. Bu murojaatimiz Qurilish vazirligida nazoratga olinib, vazirlik vakili S.Xolqo‘ziyev rahbarligida viloyat va tuman mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi va 2020 yil 13 noyabrda imoratlar asoslantiruvchi hujjatlarsiz qurilganligi haqida xulosa taqdim etildi.
Shundan keyin ham masala hal bo‘lmagach, viloyat hokimining telegramm messenjeriga xat yo‘lladik. Ushbu murojaatimizga asosan holat viloyat qurilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. Viloyat qurilish boshqarmasining 2021 yil 13 avgustdagi javob xatida A.Narziyev tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 iyuldagi 603-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 4-grafik 18-bandi, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 12 fevraldagi 41-sonli qarori, Shaharsozlik kodeksining 10, 11, 31, 60 va 80-moddalarida belgilangan talablarga zid, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari amalga oshirilganligi aytilgan. Shu sababli Shaharsozlik kodeksining 22-moddasiga asosan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rishlik so‘ralib, buning natijasi Past Darg‘om tumani hokimligiga yo‘naltirilgan.
Bugun qo‘limizda shuncha asosli hujjatlar bo‘la turib, R.Xudoyberdiyevaning muammosi hal bo‘lmayapti. Chunki qonunchilik talablariga ko‘ra, ishni hal etish uchun Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilishi kerak. Ammo hokimlik bu ishni hadeganda amalga oshirmay, bizga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra paysalga solib kelyapti. Xo‘sh, nega?
Shu sababli 2021 yil 26 avgustdan bugungi kungacha Past Darg‘om tumani hokimligi eshigidan masalamiz hal bo‘lmay, ovora bo‘lib qaytib kelyapmiz.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli qarorining 1-ilovasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi tuman, shahar hokimining qarori mavjudligini, davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasining qurilish montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomasi yoki uy-joy qurilishi uchun tuman, shahar arxitektori bilan kelishilgan yakka tartibda ishlab chiqilgan loyihaning mavjudligini, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq qurilganligini tekshirish orqali amalga oshiriladi, deyilgan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 212-moddasida “...qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer, ya’ni tuman hokimining qurilishga yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorisiz uchastkalarida qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Bunday imorat sudning qarori bilan buzib tashlanishi lozim, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lsa yoxud fuqarolarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirsa, yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishi mumkin emas”ligi ko‘rsatilib o‘tilgan.
Yurtimizda tadbirkorlik qilish uchun zarur sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan. Lekin tadbirkor zimmasiga mas’uliyat, mavjud qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya qilish ham yuklatilgan. Ammo A.Narziyevning birgina qurilish ishlarini qonunchilik talablariga zid ravishda, atrofda yashovchi aholi bilan hisoblashmasdan, aksincha ularning oddiy yashash, turmush kechirishlari uchun xalaqit berib, faoliyat yuritishi to‘g‘rimi? Aholiga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari turar joy uylari va jamoat binolari devoridan kamida 15 metr masofa olisda qurilishi kerakligi haqidagi me’yor nahotki tadbirkorni, qolaversa hokimlik mutasaddilarini o‘ylantirmasa? R.Xudoyberdiyevaning darvozasi oldi yo‘li yopib qo‘yilganini, atrofni dizel yoqilg‘isi hidi qoplab olganini, texnikalar shovqini yillar davomida salomatlikka zarar keltirayotganini kim o‘ylaydi? Elchilik, mahalladoshlik udumlari talablari moddiy manfaat ostida qolib ketdimi?
Xullas, bu muammo tuman hokimligi tomonidan sudga da’vo ariza kiritilishi orqali chek qo‘yilishi mumkin. Chunki yuqorida bayon etgan muammo - o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilishning yer maydoni hokimlik egaligida. Mahalliy boshqaruv organlari qonunchiligimiz, Prezidentimiz tomonidan aholi tinch-totuvligi, manfaatlarini ta’minlashga mas’ul ekan, tuman hokimligining ushbu masala ijobiy hal etilishiga befarq bo‘lmasligidan umidvormiz.
Faxriddin Kubayev,
Risolat Xudoyberdiyevaning qonuniy vakili, yurist.